Xalqaro Orol turizmi haftaligi boshlandi

293

Joriy yil 17-19 aprel kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida Xalqaro Orol turizmi haftaligi doirasida muhim tadbirlar bo‘lib o‘tadi.

Ushbu tadbirlarda ishtirok etish uchun Orolbo‘yiga tashrif buyurgan mahalliy va xorijiy sayyohlar Nukus xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.

Dastlabki kuni ishtirokchilarning Nukus shahridagi I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi tarixi va madaniyati davlat muzeyiga, Xo‘jayli tumanidagi tarixiy obidalarga sayohati tashkil etildi.

Haftalikning ikkinchi kunida Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatrida “Orolbo‘yi ezgu niyat elchilari” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi, “Open-air” konsert dasturi rejalashtirilgan. Shuningdek, haftalik doirasida “10000 qadam” jamoatchilik loyihasi, ko‘chat ekish aksiyasi, badminton bo‘yicha musobaqa, “Orol baliqlaridan 99 xil taom” gastronomik festivali, g‘oliblarni taqdirlash marosimi o‘tkaziladi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA