Pedagoglar malaka sinovlaridan o‘tmoqda

195

Pedagog kadrlarning malakasini oshirish, ularning ta’lim berish mahoratini yuqori darajaga ko‘tarish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 17 sentyabrdagi “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, har yili Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi ta’lim muassasalari pedagoglari malaka (test) sinovlaridan o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan.

Respublikamizning barcha hududlarida pedagoglarning malaka sinovlari boshlandi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, test sinovlari katta zallarda o‘rnatilgan jami 2 ming 50 ta kompyuterda Face ID va Blockchain texnologiyalari asosida onlayn tarzda o‘tkaziladi. Baholash natijalari QR-kod qo‘yilgan elektron shakldagi pedagoglarning shaxsiy kabinetiga yuboriladi.

Bir oy davom etadigan ushbu jarayonda 40 dan ziyod fandan dars beradigan 190 ming nafarga yaqin pedagogning ishtiroki kutilmoqda.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA