Tomorqa – baraka manbai

141

FOTOREPORTAJ

Bahor fasli iliq nafasi bilan yurtimizga go‘zallik va yangilanish bag‘ishlamoqda. Bu fasl, ayniqsa, dala-tomorqalarda hayot zavqi bilan yashaydigan dehqon va bog‘bonlar uchun yangi imkoniyatlar faslidir. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanida ham mehnatsevar insonlar har bir kunni g‘animat bilib, omilkorlikni hayot mazmuniga aylantirgan. “Oq oltin” ovul fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi Yangiboy Qurbonniyozov ana shunday zahmatkash bobodehqonlardan.

U kishi mehnat faoliyatini temir yo‘l sohasiga bag‘ishlagan. Hozirda esa umri davomida shakllantirgan mehnat an’anasini o‘z tomorqasida davom ettirmoqda. Ayni paytda uning 4 sotixli issiqxonasida xorij navidagi kartoshka parvarish qilinmoqda. Yaqin kunlarda hosil pishib yetiladi. Keyinchalik esa bu yerda sabzi yetishtirish reja qilingan. Shu bilan birga, 1 sotixdan ziyod maydondagi ko‘chatxonada manzarali gullar, pomidor, karam va boshqa poliz mahsulotlari parvarish qilinadi.

Issiqxonadan tashqari, Yangiboy og‘a yana 4 sotixdan ziyod yerda karam va baqlajon yetishtiradi. Uning ta’kidlashicha, xonadon tomorqadan yiliga 2–3 marta barqaror daromad oladi. Bu albatta, saxovatli yer bilan tillashish va sidqidildan qilingan mehnat samarasidir.

Mazkur xonadon chorvachilik bilan ham shug‘ullanadi. Ekin-tekin, mevali daraxtlar, gullar va chorva kabilarning barchasi Yangiboy og‘a xonadonida mehnat va barakaning uyg‘unligini yaqqol namoyon etadi.

Bugungi kunda yurtimizda aholi farovonligini oshirish, tomorqachilikni rivojlantirishga qaratilgan qator davlat dasturlari, imtiyoz va loyihalar amalga oshirilmoqda. Yangiboy Qurbonniyozov kabi imkoniyatlardan samarali foydalanib, farovon yashayotgan mehnatkash insonlar o‘z hayot yo‘li, ibratli mehnati va tajribalari bilan el-yurtga namuna bo‘lmoqda.

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA