Sessiyada dolzarb masalalar muhokama etildi

125

Nukusda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining uchinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hukumat a’zolari, tegishli soha rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdi.

Sessiya kun tartibidagi dastlabki masala – Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Yer to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonunining loyihasi to‘g‘risida bo‘lib, ushbu masala bo‘yicha Jo‘qorg‘i Kengesning agrar, suv xo‘jaligi, tabiatni muhofaza qilish va ekologiya masalalari qo‘mitasi raisi A.Jumanazarov ma’ruza qildi. Mazkur loyiha bilan Qonunning qator moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Qonun loyihasining qabul qilinishi Qoraqalpog‘iston Respublikasiga investitsiyalarni yanada keng jalb qilish hamda hududning ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Kun tartibidagi ushbu masala batafsil ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan qaror qabul qilindi.

Kun tartibidagi keyingi masala Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga Parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risida bo‘lib, bu masala bo‘yicha Jo‘qorg‘i Kengesning Ijtimoiy-madaniy rivojlanish, yoshlar siyosati, turizm va jamoat birlashmalari masalalari qo‘mitasi raisi M.Atamuratov ma’ruza qildi.

Shuningdek, sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori talabining Qoraqalpog‘iston Respublikasida ijro etilishi bo‘yicha Vazirlar Kengashining hisoboti, fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jinoyatchilikning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish yo‘nalishida 2024 yilda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori E.Tadjiyevning axboroti, Markaziy bankning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bosh boshqarmasi tomonidan 2024 yil davomida amalga oshirilgan ishlari haqida Markaziy bankning Qoraqalpog‘iston Bosh boshqarmasi boshlig‘ining hisoboti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining hududlarda bajarilishi bo‘yicha Mahallalar uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘ining hisoboti to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.

Sessiyada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev ishtirok etdi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.