Osiyo-Okeaniya chempionati qizg‘in pallada
Toshkent shahri mezbonlik qilayotgan sambo bo‘yicha Osiyo-Okeaniya chempionatining navbatdagi kunida 16 vazn toifasida g‘olib va sovrindorlar nomi aniq bo‘ldi. Quvonarlisi, unda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 14 ta medalni qo‘lga kiritdi.
Musobaqaning ikkinchi kungi bahslarida 14 nafar sambochimiz bahslarga kirdi. Ular orasida Sarvinoz Esonova, Gulina Obloqulova, Shahriyor Karimov, Mirjalol Normo‘minov, Asror Hamidov, Lutfullo Saydamatov (jangovar sambo), Sharif Kushayev (jangovar sambo), Gulsevar O‘roqova (jangovar sambo), Xurshida Abduvohidova (jangovar sambo), Shahzoda Azatova (jangovar sambo) o‘z vazn toifalarida oltin medalga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, Shahnoza Bozorova, Charos Abdullayeva, Xudoyor Ibrohimov, Vazira Ochilova (jangovar sambo) bronza medali bilan taqdirlandi. Shu tariqa, chempionatning ikkinchi kun yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi hisobidagi medallar 24 ta oltin, 5 ta kumush va 10 ta bronzaga yetdi.
Darvoqe, kuni kecha Osiyo-Okeaniya chempionatining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti, MOQ raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, Osiyo-Okeaniya sambo ittifoqi raisi A’lam Mullayev so‘zga chiqib, yurtimizda sambo sport turi yoshlarimiz orasida jadal ommalashayotgani, va ular orasidan iqtidorli sportchilar yetishib chiqib, nufuzli musobaqalarda mamlakatimiz sharafini yanada yuksaltirayotgani, ushbu sport kelgusida Osiyo va Olimpiya o‘yinlari singari yirik kompleks musobaqalar dasturidan doimiy joy olish ehtimoli haqida to‘xtalib o‘tdi.
Yuqori saviyada o‘tayotgan Osiyo-Okeaniya chempionatida bugun, 16 aprel kuni o‘smirlar o‘rtasida (16-18 yosh) 16 ta vazn toifasida medallar uchun bahslar o‘tkaziladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
Alimurod Mamadaminov (surat), O‘zA