Futbolchilarimiz final yo‘llanmasi uchun KXDR bilan o‘ynaydi

112

Saudiya Arabistoni mezbonligida o‘tayotgan U17 yosh toifasidagi Osiyo kubogi bahslarida yarim final ishtirokchilari ma’lum bo‘ldi.

Avvalroq, O‘zbekiston va Sudiya Arabistoni U17 terma jamoalari mazkur bosqichga yo‘l olgani haqida xabar bergan edik. Kuni kecha KXDR va Janubiy Koreya termalari chorak final bahslaridan muvaffaqiyatli o‘tdi.

Shu tariqa, O‘zbekiston terma jamoasining yarim finaldagi raqibi KXDR bo‘ldi. Final yo‘llanmasi uchun o‘tadigan o‘yin 17 aprel kuni Toshkent vaqti bilan soat 22:15da Toif shahridagi “Qirol Fahd“ stadionida start oladi. Darvoqe, shu kuni Saudiya Arabistoni va Janubiy Koreya termalari ham yarim final uchrashuvida maydonga tushadi.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joiz, Qatar mezbonligida o‘tadigan mundialda ishtirok etadigan barcha jamoalarning nomi aniq bo‘lib ulgurdi:

Osiyo: Qatar (mezbon), Indoneziya, Yaponiya, KXDR, Koreya Respublikasi, Saudiya Arabistoni, Tojikiston, BAA va O‘zbekiston;

Afrika: Burkina-Faso, Kot-dʼIvuar, Misr, Mali, Marokash, Senegal, Janubiy Afrika, Tunis, Uganda, Zambiya;

Konkakaf: Kanada, Kosta-Rika, El-Salvador, Gaiti, Gonduras, Meksika, Panama, AQSH;

Janubiy Amerika: Boliviya, Braziliya, Chili, Kolumbiya, Paragvay, Venesuela, Argentina;

Okeaniya: Fiji, Yangi Kaledoniya, Yangi Zelandiya;

Yevropa: Avstriya, Belgiya, Xorvatiya, Chexiya, Angliya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Portugaliya, Irlandiya Respublikasi, Shveysariya.

Endi ushbu jamoalar 12 ta guruhga bo‘linadi va har bir guruhda birinchi va ikkinchi o‘rinni egallagan jamoalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri pley-offga chiqsa, uchinchi o‘rinni egallagan eng yaxshi sakkizta jamoa ular ortidan yo‘l oladi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA