Bokuda 5 nafar bokschimiz oltin medal uchun jang qiladi

193

Ozarbayjonning Boku shahrida bo‘lib o‘tayotgan an’anaviy “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turnirida mamlakatimiz terma jamoasining 5 nafar a’zosi final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Aniqroq aytadigan bo‘lsak, mazkur nufuzli turnirning so‘nggi hal qiluvchi finaliga yo‘l olgan charm qo‘lqop ustalarimiz bugun oltin medallar uchun ringga ko‘tariladi. Unda vazni -48 kg. bo‘lgan Jasmin Tohirova rossiyalik Lia Patlai bilan jang qilsa, -50 kg. vazndagi Sabina Boboqulova mezbonlar vakili Marjona Savriyevaga qarshi raqobatlashadi. -57 kg.da mamlakatimiz sharafini himoya qilayotgan Nodirbek Allaberganov rossiyalik Eduard Savvin bilan, -63,5 kg. vazn toifasida esa Sayat Ilyasov boshqa bir rus bokschisi Sandan Sandanovga qarshi bellashadi. Vazni -86 kg. bo‘lgan Jasurbek Yo‘ldoshev ham Rossiya terma jamoasi a’zosi Timur Gamzatovga qarshi kuch sinashadi.

Kuni kecha o‘tkazilgan yarim final janglarida mag‘lubiyatga uchragan Behruz Xoldorov, Shahzod Muzaffarov, Sardor Abdumutaliyov, Bekzod Hamidov, Uzukjamol Yunusova, Oysha Toirova hamda Oltinoy Sotimboyeva o‘z vazn toifalarida bronza medali bilan taqdirlandi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA