Boks: Do‘smatov – Bibosinov jangi Xabarovskda ro‘y berishi mumkin

171

13 nafar erkak va 6 nafar bokschi qizlardan iborat O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Rossiya Federatsiyasining Xabarovsk shahrida o‘tadigan xalqaro turnirda ishtirok etadi.

Bugun, 14 aprel kuni mazkur xalqaro turnir oldidan qur’a tashlash marosimi va texnik komissiyaning yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Qur’a natijasiga ko‘ra, ertaga boshlanadigan turnirning bir qator vaznlarida kuchli janglar saralash va yarim final ostonasidayoq o‘tkazilishi kutilmoqda.

Jumladan, turli darajadagi nufuzli turnirlar, qit’a chempionatlari, “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlarida jang o‘tkazgan hamyurtimiz Hasanboy Do‘smatov va qozog‘istonlik Saken Bibosinovning to‘qnashuvi Xabarovsk turnirining markaziy janglaridan biri bo‘lishi ehtimolga yaqin.

Qur’a natijalariga ko‘ra, Hasanboy Do‘smatov ilk davrada tojikistonlik Hasan Salohiddinovga ro‘baro‘ keladi. Bokschimiz ushbu jangdan omadli o‘tsa, unga ukasi Faryozbek Do‘smatov raqiblik qiladi. Aka-uka “dueli”dan keyingi bosqichga chiqqan omadli Do‘smatov yarim finalda qozog‘istonlik Saken Bibosinov qarshiligini yengishi lozim bo‘ladi. Vaziyatning boks ishqibozlari kutganidek kechishi uchun Bibosinov o‘z guruhida rossiyalik bokschi to‘sig‘ini yengib o‘tishi lozim bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, o‘n oltinchi bor tashkil etilayotgan xalqaro turnir musobaqalari 19 aprelga qadar davom etadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA