BAAni taslim qilgan futbolchilarimiz yarim finalga yo‘l oldi

109

Futbol bo‘yicha Saudiya Arabistonida o‘tayotgan 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo kubogida dastlabki yarim final bosqichiga yo‘l olgan terma jamoalar nomi aniq bo‘ldi.

Kubokning chorak finalida ushbu yosh toifasidagi O‘zbekiston terma jamoasi BAA termasiga qarshi maydonga tushdi. Uchrashuvning 14-daqiqasida Asilbek Aliyev jarima zarbasidan raqib darvozasini ishg‘ol qilgan bo‘lsa, 36-daqiqada terma jamoamizning o‘yindagi ikkinchi goliga mualliflik qildi. Shuningdek, birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan 4-daqiqada Sayfiddin Sodiqov penaltidan unumli foydalanib, hisobni 3:0 ko‘rinishiga olib keldi.

Biroq ikkinchi bo‘limning 67-daqiqasida Muhammad Buti darvozamizga gol urdi. Shu tariqa mazkur uchrashuv 3:1 hisobida yakunlandi.

Chorak final doirasida Saudiya Arabistoni va Yaponiya terma jamoalari bahsida 2:2 hisobi qayd etildi. Ammo penaltilar seriyasida saudiyalik futbolchilar 3:2 hisobida g‘alaba qozondi.

Bugun, 14 aprel kuni Indoneziya va KXDR, Tojikiston hamda Janubiy Koreya o‘smirlar terma jamoalari bahsiga guvoh bo‘lamiz.

Ma’lumot o‘rnida: Indoneziya – KXDR o‘rtasidagi o‘yin g‘olibi Islom Ismoilov boshchiligidagi termamizga qarshi yarim finalda raqobatlashadi. Tojikiston – Janubiy Koreya bahsida g‘alaba qozongan jamoa mezbonlar bilan final yo‘llanmasi uchun kuch sinashish huquqini qo‘lga kiritadi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA