O‘zbekistonda “yagona turistik karta” joriy qilinadi

Munosabat
Turizm sohasi O‘zbekiston iqtisodiyotidagi strategik tarmoqlardan biri sanaladi. Shu bois, so‘nggi yillarda turizm infratuzilmasi rivojlanib, xorijiy sayyohlar oqimi ortib bormoqda. Mamlakatimizning turizm eksporti 1,6 karra oshib, 3 milliard 500 million dollarga yetdi, bu sohada 2 mingdan ortiq yangi tadbirkor ish boshladi. O‘tgan yili xorijiy sayyohlar tashrifi ilk bor 10 milliondan oshdi.
Biroq, tahlillar mamlakatimiz hududlarining turizm salohiyati hali to‘liq ro‘yobga chiqmaganligini ko‘rsatmoqda. Turistik imkoniyatlar asosan Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi yirik shaharlarga to‘plangan. Shu bois, hududiy turizmni rivojlantirish masalasi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Joriy yil 9 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda sohada erishilgan yutuqlar tahlil qilinib galdagi vazifalar belgilab olindi.
Jumladan, hududlarda turizm va servis infratuzilmasi juda tez rivojlanib, o‘tgan 8 yilda 6 milliard 500 million dollar sarmoya kiritilib, 130 mingta mehmon o‘rni ochilgan. Bugungi kunda 20 ta turizm qishlog‘i faoliyat yuritayapti. Ammo, yurtimiz tarixi, madaniyati va tabiatiga asoslanib, sayyohlarni yana 2-3 karra ko‘paytirish imkoni mavjud. Biroq, ayrim hududlarda yo‘l va transport noqulayligi, ko‘ngilochar joylar va qiziqarli dasturlar yetishmasligi hamda mas’ullarning e’tiborsizligi sabab sohada oqsoqliklar kuzatilmoqda.
Misol uchun Qoraqalpog‘istondagi Mo‘ynoq, Surxondaryodagi Boysun kabi hududlar noan’anaviy, ekoturizm va etnoturizm salohiyatiga ega. Ammo bu maskanlarning marketing, logistika va infratuzilmaviy jihatlari hali yetarli darajada rivojlantirilmaganligi uchun sayyohlar oqimi kamligicha qolmoqda.
Shu bois yig‘ilishda, joylardagi imkoniyatlarni yuzaga chiqarib, turizm yo‘nalishlarini ko‘paytirish, sayyohlarga sharoitlarni kengaytirish chora-tadbirlari muhokama qilinib, ustuvor vazifalar belgilab berildi. Xususan, mutasaddilarga 36 ta tuman va shaharni etno, gastronomik, tibbiy, ekstremal, madaniy-tarixiy, ziyorat, qishki va agroturizm asosida rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi. Shuningdek, sohadagi salohiyatli bozorlardan sayyohlarni jalb qilish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Muhimi buning uchun dastlabki qadamlar tashlangan. Prezidentning Fransiyaga tashrifda 14 ta yangi zamonaviy “Airbus” samolyotini xarid qilish, yana 5 tasini ijaraga olishga kelishilgan, hozirda “Boeing” kompaniyasi bilan 12 ta samolyot olib kelish bo‘yicha muzokara boshlangan. Ko‘rfaz davlatlariga berilgan 10 kunlik vizasiz rejim 30 kunga uzaytirilmoqda. Natijada, bu hududlardan sayyohlar 5-6 karra ko‘payadi. Bundan tashqari, Hindiston, Pokiston, Misr va Erondan keladigan sayyohlarga viza berish tartibi yengillashtirilib, turfirmalarga ruxsatnomani Yagona interaktiv portal orqali 10 kunda berish tizimi joriy qilinadi.
Albatta, ushbu vazifalar ijrosi nafaqat yurtimizning sayyohlik va turizm salohiyatini oshirish, qolaversa iqtisodiyotimiz yuksalishi, minglab yangi ish o‘rinlari yaratilishiga ham xizmat qiladi. Boisi, bugungi tahlikali va iqtisodiy inqrozlar davrida yaratilayotgan ish o‘rinlarining katta qismi aynan turizm yo‘nalishiga to‘g‘ri kelmoqda.
Yig‘ilishda xorijiy sayyohlarni jalb qilish bilan birgalikda ichki turizm imkoniyatlaridan ham samarali foydalanishga alohida e’tibor qartildi. Sababi, so‘nggi yillarda ichki turizmga e’tibor tufayli mahalliy sayyohlar soni 2017 yilgi 5 milliondan 2024 yil yakuniga kelib 23 millionga yetdi. Biroq bu borada ham imkoniyatlar to‘liq ishga solinmagan. Prezident tomonidan ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilish va hajmini keskin ko‘paytirish, fuqarolarni mamlakatimizning turizm salohiyati bilan tanishtirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida bir qator xalqchil tashabbuslar ilgari surildi.
Bulardan biri bu – har oyning bitta shanba va yakshanbasi – “oila va mehnat jamoasi bilan sayohatga chiqish” kuni sifatida belgilanganligidir. Ushbu tashabbus zamirida katta maqsad va ma’no mujassam. Chunki, oila har bir insonning tayanchi va ruhi. Birgalikda sayohat qilish – munosabatlarni mustahkamlaydi, bolalarga tarbiya, kattalarga tinchlik baxsh etadi.
Mehnat jamoasi ish joyimizdagi ikkinchi oilamiz hisoblanadi. Birgalikda dam olish ish muhitini yaxshilaydi, o‘zaro tushunishni kuchaytiradi, yangi g‘oyalar beradi. Tabiat esa inson salomatligi va xotirjamligi uchun eng yaxshi tabiiy terapiyadir. Sayrlar stressni kamaytiradi, aqliy va jismoniy faollikni tiklaydi.
Qolaversa, endilikda ichki turizm rivojida o‘sib kelayotgan yosh avlodning ham o‘rni yuqori bo‘ladi. Boisi, Prezident yoshlar o‘rtasidagi musobaqa g‘oliblariga “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat” yo‘llanmasini sovg‘a qilishni tashabbus qildi. Har yili ichki turizm targ‘ibotini kengaytirishga 20 milliard so‘m ajratiladi. Respublikaning barcha tarixiy obidalariga kirish imkonini beradigan “yagona turistik karta” joriy qilinadi. Shu bilan birga, turizm ob’ektlariga kirish chiqishda shaffolikni ta’minlash maqsadida barcha ob’ektlarda kirib-chiqishni avtomatik hisobga oladigan moslamalar o‘rnatiladi.
Umuman olganda, joriy yilda xorijdan 15 million turist jalb qilinib, eksport 4 milliard dollarga yetkaziladi. 635 ta mehmonxona va mehmon uylari ishga tushirilib, 50 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi. Turizm sohasiga investitsiyalarni jalb qilish maqsadida aprel oyda Jizzaxda, iyun oyida esa Toshkent shahrida xalqaro investitsiya forumlari o‘tkaziladi.
Bir so‘z bilan aytganda, bularning barchasi mamlakatning umumiy iqtisodiy rivojiga hissa qo‘shish, yangi ish o‘rinlari yaratish va O‘zbekiston brendini jahon miqyosida mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu jarayonlarning sohaga va hayotimizga to‘laqonli tatbiq etilishi esa biz xalq vakillariga katta mas’uliyat yuklaydi. Boisi, har birimiz o‘z hududimizdagi mahalliy Kengash deputatlari bilan birgalikda turizm dasturlarini ishlab chiqishdan to ijrosi ta’minlanmaguncha parlament va deputatlik nazorati orqali mas’ullar hisobdorligini ta’minlashimiz lozim.
Gulnoraxon ABDUVOHIDOVA,
O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi.
O‘zA