Turizmning qonunchilik asoslarini yanada mustahkamlash lozim

Yurtimiz turizm salohiyati yuqori bo‘lgan jannatmakon o‘lka hisoblanadi. Ko‘p ming yillik boy tarixi, ilmiy-madaniy merosi, mahobatli yodgorliklari hamda go‘zal va turfa xil tabiati bilan sayyohlarni o‘ziga rom etib keladi.
Mamlakatimizning boy sayyohlik imkoniyatlaridan samarali foydalanish esa iqtisodiyotimiz mustahkamligiga xizmat qiladi.
Shu yil 9 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida turizm yo‘nalishidagi muhim vazifalar muhokama qilinib, qator tashabbuslar ilgari surildi.
Bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zosi Navro‘zbek Yusupov o‘z munosabatini bayon qildi:
— Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi mamlakatimizning turizm salohiyatini, ayniqsa, ekoturizmni jadal rivojlantirishni to‘liq ro‘yobga chiqarish va xorijiy investitsiya loyihalarini yanada jadallashtirish yo‘lida muhim strategik tashabbus sifatida tarixda qoladi.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan aniq vazifa va ustuvor yo‘nalishlar mamlakatimizning har bir hududida mavjud turistik resurslarni aniqlash, ularni rivojlantirish orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi farovonligini oshirishga qaratilgani bilan alohida ahamiyatga ega. Ayniqsa, xorijdan tashrif buyuradigan mehmonlarni ajdodlarimiz qoldirgan boy tarixiy meros bilan yaqindan tanishtirish, shuningdek, milliy gastronomik turizm hamda ekoturizm salohiyatidan samarali foydalanish va ularni yanada rivojlantirish muhim ekaniga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, xorijiy investorlar uchun yanada qulay va shaffof muhit yaratish, investitsiyaviy salohiyatni to‘liq ishga solishga oid topshiriqlar qonunchilik jarayonlarida ham tizimli yangilanishlarni talab etishi bilan ahamiyatli. Bu esa, o‘z navbatida, deputatlar sifatida bizga qonunchilik asoslarini mustahkamlash, tadbirkorlar va investorlar huquqlarini himoya qilishga doir tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash vazifasini yuklaydi.
Ushbu yig‘ilishda belgilangan vazifalarni amaliyotga tatbiq etishda parlament va hukumat organlari o‘rtasidagi hamkorlik muhim o‘rin tutadi. Qonunchilik palatasi vakillari sifatida biz mazkur islohotlarning qonuniy asoslarini mustahkamlash, ijro jarayonini nazorat qilish va xalq manfaatlarini ta’minlashda faol ishtirok etamiz.
Muhtarama Komilova yozib oldi. O‘zA