Yaponiya Ukrainaga yordam ko‘rsatishini bildirdi

108

Yaponiya NATOning Ukrainaga harbiy mashq va jihoz yetkazib berish orqali yordam ko‘rsatish sa’y-harakatida ishtirok etishga tayyor, dedi kun chiqar yurt mudofaa vaziri Gen Nakatani tashkilot bosh kotibi Mark Ryutte bilan uchrashuvda.

“Kiodo” agentligi yozishicha, Nakatani “Yaponiya atrofidagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat tobora qiyinlashayotgani”ni ta’kidlagan.

Uchrashuvda tomonlar Yaponiya – NATO Alohida hamkorlik rejasi doirasida koinot va kiber fazo, shuningdek yolg‘on ma’lumotga qarshi kurash sohasidagi sheriklikni rivojlantirish niyatini ham tasdiqlagan.

Nakatani bilan muloqotdan oldin Ryutte Tokioga qo‘shni Kanagava prefekturasidagi o‘zini-o‘zi mudofaa qilish kuchlariga qarashli Yokosuka harbiy-dengiz qo‘shini bazasini ko‘zdan kechirgan. U Tayvan atrofidagi vaziyatni diqqat bilan kuzatib borayotgani, orolda “haqiqatan tashvishli alomatlar bor”ligiga ishonishini aytgan. Shuningdek, harbiy sanoat sohasida NATO – Yaponiya hamkorligini rivojlantirish istagini bildirgan.

Xabarda aytilishicha, Ryutte bugun Bosh vazir Sigeru Isiba bilan uchrashishi kutilyapti.