Iqlim masalasi – parlamentariylar nigohida

Poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasi doirasida «Iqlim harakati bo‘yicha parlament muloqoti va targ‘ibotini kuchaytirish» mavzusida maxsus «sayd-event» o‘tkazildi.
Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Iqlim o‘zgarishi oqibatlarini kamaytirish va «yashil» iqtisodiyotga o‘tishni tezlashtirish masalalari bo‘yicha komissiyasi ishtirok etdi.

«Sayd-event» davomida iqlim o‘zgarishining global miqyosdagi salbiy oqibatlari, uning inson salomatligi, oziq-ovqat xavfsizligi va tabiiy resurslarga ta’siri muhokama qilindi.

Ishtirokchilar, jumladan, turli mamlakatlar parlament vakillari, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari iqlim o‘zgarishi borasida parlamentlarning roli, qonunchilik tashabbuslari va samarali kommunikatsiya usullari haqida o‘z fikrlarini bildirdi.


Tadbirda iqlim masalalarini parlament darajasida muhokama qilishni kuchaytirish, bu borada jamoatchilik bilan ochiq va tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, deputatlar o‘rtasida iqlim diplomatiyasini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
M.Komilova, O‘zA