Davlatlararo hamkorlikdagi loyihalarni hayotga tatbiq etishda parlamentlararo muloqotning o‘rni yuqori
Munosabat
2025 yilning aprel oyi O‘zbekiston va Markaziy Osiyo uchun tarixiy siyosiy voqea bilan yodda qolmoqda. Sababi, ilk bor dunyodagi eng qadimiy va nufuzli parlament tashkiloti – Parlamentlararo ittifoq o‘zining 150-yubiley Assambleyasini Toshkent shahrida o‘tkazmoqda.
Bu nafaqat yuksak darajadagi xalqaro siyosiy tadbir, balki O‘zbekistonning parlament diplomatiyasidagi nufuzi, geosiyosiy ahamiyati va siyosiy institutlarining ochiqlik darajasini namoyon etuvchi voqelikdir.
Kuni kecha bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi ochilish marosimida davlatimiz rahbari ishtirok etib, mazkur tashkilot, uning faoliyati va Toshkentda o‘tayotgan tadbirning muhim jihatlariga to‘xtalib o‘tdi.
Jumladan, Prezidentimiz o‘z nutqida dastlab so‘nggi yillarda dunyoning turli mintaqalarida qurolli to‘qnashuvlar, ekologik va texnogen fojialar, iqtisodiy inqirozlar, “savdo urushlari”, terrorizm va ekstremizm tahdidlari tobora kuchayib borayotganiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Bu kabi vayronkor holatlarni bartaraf etish, dunyo xalqlariga tinchlik olib kelishda hech shubhasiz Parlamentlararo ittifoqning o‘rni yuqori sanaladi. Boisi, tashkilot o‘z safida 181 ta milliy parlament va 15 ta mintaqaviy uyushmani birlashtirgan. Qolaversa, mamlakatlarimiz va xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish, qo‘shma kooperatsiya tashabbuslari va loyihalarini ilgari surish, gumanitar almashinuvni kengaytirishda ham parlamentlararo muloqot muhim ahamiyat kasb etadi.
Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan 150-yubiley Assambleyada esa 140 ga yaqin davlatdan 2 mingdan ziyod delegat qatnashmoqda. Buni o‘z navbatida dunyo parlamentlarida O‘zbekistonning parlamentarizmni rivojlantirish borasida amalga oshirayotgan islohotlari va erishilgan natijalariga nisbatan qiziqish ortib borayotganligi bilan izohlash mumkin.
Xususan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida parlament institutini rivojlantirish muhim vazifa sifatida belgilanganligi, keyingi yillarda qonun chiqaruvchi hokimiyatning jamiyat va davlat hayotidagi o‘rnini oshirishga qaratilgan 20 dan ziyod qonun qabul qilingani hamda Konstitutsiyaviy islohotlar sabab Oliy Majlis Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari 5 tadan 12 taga, Senat vakolatlari esa 14 tadan 18 taga yetkazilgani fikrimiz dalilidir.
Qolaversa, bugungi kunga kelib, milliy parlamentimizda xotin-qizlarning ulushi 38 foizga yetdi. Mazkur ko‘rsatkich Parlamentlararo ittifoq tomonidan yuksak e’tirof etilib, Osiyo mintaqasida so‘nggi o‘ttiz yilda eng yuqori o‘sish sifatida baholandi. 2021 yilda Oliy Majlis palatalari qoshida ilk bor yoshlar parlamentlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Hozirda Yoshlar parlamenti yoshlarning parlament faoliyati bilan bir qatorda jamiyat hayotining barcha jabhalarida to‘laqonli ishtirok etishi uchun ularning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston parlament yo‘nalishida global ahamiyatga molik bo‘lgan qator xalqaro tashabbuslarni ham ilgari surib kelmoqda. BMT Bosh Assambleyasining “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyasi qabul qilindi.
O‘zbekiston vakillari Osiyo Parlamentlari Assambleyasi, Markaziy Osiyo parlamentlari forumi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Parlament Assambleyasi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Parlamentlar Assambleyasi va boshqa platformalarda faol ishtirok etmoqda.
Aytib o‘tish joizki, Assambleya doirasidagi muloqotlar jarayonida yana bir muhim jihat ishtirokchi davlat vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi. Ya’ni O‘zbekistonda parlamentda boshlangan islohot va o‘zgarishlar mos tarzda hududlarda ham davom ettirilib, xalq deputatlari mahalliy kengashlarining vakolatlari kengaytirilganligidir. Jumladan, oxirgi yillarda 30 dan ortiq vakolatlar mahalliy kengashlarga o‘tkazildi va bu jarayonlar izchil davom ettirilmoqda. Natijada respublikamizning eng olis va quyi tizimida yangragan har bir saylovchi va deputatning ovozi milliy parlamentimizgacha yetib kelmoqda.
Umuman olganda, Toshkentda o‘tkazilayotgan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubley Assambleyasi bu nafaqat siyosiy voqea, balki O‘zbekistonning xalqaro maydondagi imiji, nufuzi va diplomatik faolligini mustahkamlashga xizmat qiladigan tarixiy imkoniyat ham demakdir.
Bu nafaqat xalqaro nufuzning oshishi, balki ichki siyosiy jarayonlar va parlament islohotlariga yangi turtki berish imkoniyati hamdir. Ushbu Assambleya doirasidagi tadbirlar mamlakatimizning demokratik taraqqiyotida muhim bosqich sifatida tarixga kiradi.
Gulnoraxon ABDUVOHIDOVA,
O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi.
O‘zA