Konstantin Kasachev: O‘zbekiston xalqaro darajada qarorlar qabul qilinishining muhim markazlaridan biriga aylandi (+video)
O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahrida Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi davom etmoqda. Unda dunyoning ko‘plab davlatlari qatori Rossiya Federatsiyasi delegatsiyasi ham faol ishtirok etdi. O‘zA muxbiri nufuzli anjumanda ishtirok etayotgan Rossiya Federatsiya Kengashi raisining o‘rinbosari Konstantin Kasachev bilan suhbatlashdi:
– Parlamentlararo ittifoqining 150-assambleyasi tarixiy ahamiyatga ega. Chunki, bu yubiley assambleyasi. Lekin, baribir, bu eng asosiy jihat emas. Asosiysi – bu nufuzli anjuman ilk bor O‘zbekistonda, Markaziy Osiyoda o‘tkazildi. Bu tashkilotchilar uchun juda jiddiy sinov. E’tiborlisi, ishonch bilan aytishim mumkinki, O‘zbekistonbu sinovdan katta sharaf bilan o‘tdi.
Taxminan 150 dan ziyod mamlakat vakillari qatnashgan bu tadbirda ularning ko‘pchiligi, ehtimol, birinchi marta O‘zbekistonga keldi. Bu ajoyib mamlakat qayerda joylashganini ilgari ular bilmagan bo‘lishi ham mumkin. Biz, rossiyaliklar, albatta, O‘zbekistonni yaxshi bilamiz va yaxshi ko‘ramiz. Endi O‘zbekiston assambleya tufayli, so‘nggi yillarda o‘tkazilgan ko‘plab shunday yirik xalqaro tadbirlar tufayli jahon xaritasida o‘z o‘rni borligini namoyon qildi.
Eng muhimi, O‘zbekiston xalqaro darajada qarorlar qabul qilinishining muhim markazlaridan biriga aylandi. Konstruktiv va kelishuv asosidagi pozitsiyada chiqish qiluvchi mamlakat sifatida o‘zini ko‘rsatdi. Shu bilan birga, u milliy manfaatlarini qat’iy va sobit turib himoya qilmoqda. Dunyoda bu kabi holat, afsuski, ko‘p uchramaydi.
Bularning barchasi, go‘yo bir tomchi suvdagi kabi, assambleyaning umumiy majlisida O‘zbekiston Prezidentining yorqin va ta’sirli nutqida ham o‘z ifodasini topdi.
Janob Mirziyoyevning nutqida, birinchidan, aniqlik bor edi. Ikkinchidan, u jahon kun tartibiga juda aniq mos keldi. Aynan shu masalalarni Parlamentlararo ittifoqning asosiy maqsadi bo‘lishi kerak. O‘zbekiston Prezidenti tomonidan bildirilgan takliflar, tashabbuslar assambleyaning keyingi ishlari rivojiga muhim hissa bo‘ladi, deb o‘ylayman.
Biz tashkilotchilarga, parlamentdagi hamkasblarimizga va, albatta, O‘zbekiston Prezidentiga samimiy minnatdorlik bildiramiz.
Toshkent assambleyasi doirasida amalga oshirilgan ishlar, ko‘tarilgan g‘oyalar, qabul qilingan qarorlar keyingi assambleyagacha, balki undan ham uzoqroq muddatgacha jahon hamjamiyati manfaati uchun xizmat qiladi.
Bu jarayonda O‘zbekistonning, shu jumladan, mening mamlakatim Rossiya Federatsiyasi ham faol ishtirok etayotganidan jud ham mamnunman.
Norgul Abduraimova,
Doniyor Yakubov (video),
Ulug‘bek To‘xtayev (montaj), O‘zA