Endi bemorlarga sun’iy intellekt yordamida aniq va tezkor tashxis qo‘yilmoqda

140

Ilm-fan va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal taraqqiy etib borayotgan bugungi sharoitda dunyoning rivojlangan mamlakatlarida davlat va jamiyat boshqaruvi, iqtisodiyot, sanoat, ijtimoiy himoya, ta’lim, tibbiyot, bandlik, qishloq ho‘jaligi, mudofaa, xavfsizlik, turizm va boshqa sohalarda zamonaviy axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish urfga kirmoqda.

Mamlakatimizda ham axborotlashtirish va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish orqali 2030 yilga qadar innovatsion taraqqiy etgan yetakchi davlatlar qatoridan o‘rin egallash ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Sun’iy intellekt bilan kunlik hayotimiz ancha qulaylashdi. Tibbiyotda aniqlik va tezkorlik muhim. Bu ham diagnostika, ham muolaja jarayonlariga taalluqli. Shu bois keyingi paytlarda tibbiyot muassasalari faoliyatiga innovatsion texnologiyalar keng tatbiq etilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bemorlarga aniq va tezkor tashxis qo‘yish uchun sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanilmoqda.

–Muassasamizda shu yil boshidan buyon teri o‘smalarini sun’iy intellekt yordamida tashxislash va muolajadan oldin terini ultratovush skaneri orqali baholash, badandagi turli pigment dog‘larni noinvaziv Q-switch neodimli lazer usulida yo‘qotish amaliyotlari joriy etildi, – deydi ushbu markaz direktori Ulug‘bek Sobirov. – Shuningdek, 11 nafar fuqaroda nanoyog‘ va stromal-vaskulyar fraksiyalar (SVF) hamda mezinxemial o‘zak hujayralar (ADSCs) orqali teri va teriosti yog‘ to‘qimalari nuqsonlarini bartaraf qilish bo‘yicha eng noyob amaliyotlar bajarildi. O‘z navbatida, bemorlarning 8 nafarida po‘rsildoq yara kasalligida monoklonal antitanalar va immunoglobulinlar yordamida butunlay davolash usuli qo‘llanildi.  Natijada yuqorida sanalgan xastaliklardan aziyat chekayotgan yurtdoshlarimizning sog‘ayish muddati sezilarli darajada qisqarishiga erishildi. Bundan tashqari, markazda Nd:YAG va PDL lazeri vositasida tomir nuqsonlarini, Q-switch lazeri asosida esa melazmani yangi usulda davolash yo‘lga qo‘yildi. Ana shu yangi muolaja turlari orqali 3 oyda 650 nafardan ziyod bemorlar salomatligi tiklandi.

Qayd etilishicha, markazning sun’iy intellekt va robotlashgan texnologiyalar asosida ishlaydigan FotoFinder, DUB SkinScanner, Hollywood Spectra singari innovatsion texnologiyalar bilan jihozlanishi muhim ahamiyat kasb etdi.  Shu tufayli muassasa xizmatidan foydalanuvchilar soni tobora ortib boryapti. Ular orasida chet el fuqarolari ham ko‘pligi bu yerda tibbiy turizmni jadal rivojlantirish imkonini beryapti. Masalan, shu yilning yanvar-mart oylarida markazga AQSH, Fransiya, Turkiya, Xitoy, Rossiya, Avstriya, Hindiston, Ozarbayjon, Ukraina, Moldova, Meksika, Misr, Eron, Maldiv orollari, Irlandiya, Daniya, Tunis, Marokash, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Qozog‘iston, Tojikiston kabi 28 davlatdan 933 nafarga yaqin bemorlar murojaat qildi. Ulardan 127 nafariga shu yerda malakali statsionar tibbiy xizmat ko‘rsatildi.

Hozirgi kunda markaz jamoasi dermatovenerologiya va kosmetologiya sohasidagi eng ilg‘or diagnostika va muolaja usullarini tumanlar darajasida yo‘lga qo‘yib, ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatni aholiga yanada yaqinlashtirish choralarini ko‘rmoqda.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA