Rossiya AQSH va Eronni yarashtirishga rozi

125

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov aytishicha, Moskva Tehron bilan muntazam munozarani davom ettirib, AQSH va Eron o‘rtasidagi ziddiyatni “siyosiy va diplomatik yo‘l” orqali hal qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishga tayyor.

– Eronlik hamkorlar bilan yadroviy kelishuv bo‘yicha har doim maslahatlashamiz, – dedi u jurnalistlarga Moskvaning Tehron va Vashington o‘rtasida vositachilik qilishi ehtimoli bor-yo‘qligi haqidagi savolga javoban. – Bu jarayon yaqin kelajakda ham davom etadi. Albatta, Rossiya muammoni muzokara yo‘li bilan hal qilishga hissa qo‘shish uchun har qanday sa’y-harakatni amalga oshiradi.

Prezident Donald Tramp Eronni bevosita muzokara o‘tkazishga chaqirib, yadro dasturi bo‘yicha o‘zi birinchi muddatida bir tomonlama bekor qilgan kelishuv o‘rniga yangi bitim tuzishga undadi. Agar kelishuvga erishilmasa, Islom Respublikasi bombardimon qilinishi mumkinligi bilan tahdid ham qildi.

Tehron esa tahdid va bosim ostida Vashington bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot olib borishni rad etdi. Bilvosita muzokara uchun esa “eshikni ochiq qoldirdi”.

Ma’lumki, Eron o‘z yadroviy dasturi tinch maqsadlarga qaratilganini ta’kidlab, yadroviy qurolga ega bo‘lish g‘oyasi mavjudligini rad etib keladi.

Musulmon Ziyo, O‘zA