Abduhakim Eshmurodov: O‘zbekiston barcha xalqlar uchun adolatni ta’minlash yo‘lida xalqaro hamkorlikni davom ettiradi

103

Davlatimiz rahbari Parlamentlararo Ittifoq assambleyasida nutq so‘zlab, parlamentarizm global siyosatda qudratli vosita sifatida muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abduhakim Eshmurodov shu haqda fikr bildirdi: 

– Haqiqatan, aynan parlamentlar xalqlarni bog‘lovchi, o‘zaro totuvlik va chinakam hamjihatlikni rivojlantiruvchi ko‘prik bo‘lishga qodir.

Ma’ruzada jahon hamjamiyatini yanada rivojlantirish va sayyoramizda barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan masalalar ko‘rsatib berildi. Bu barcha davlatlar siyosiy manfaatlarini aks ettirishi bilan bir qatorda, insoniyat oldida turgan muhim muammolarni hal qilishga qaratilgani bilan ahamiyatli.

So‘nggi o‘n yilliklarda dunyo bir qator global muammolarga duch keldi. Jumladan, qurolli to‘qnashuvlar, terrorizm tahdidlari, ekologik ofatlar va iqtisodiy inqirozlar kabi beqarorlik yuz berdi. Bunday    sharoitda barcha mamlakatlar parlamentlari tinchlik va xavfsizlikni saqlashda faol ishtirok etishi juda muhim.

Xususan, diplomatiya va muzokaralar xalqaro kelishmovchiliklarni hal etishning asosiy vositasiga aylanishi kerak. Masalan, Yaqin Sharqda uzoq kutilgan tinchlikka “Ikki xalq uchun – ikki davlat” tamoyilini amalga oshirish orqali erishish mumkin. Bu tamoyil butun xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan adolat va nizoni hal qilishni anglatadi.

Yurtboshimiz aytib o‘tgan yana bir muhim masala – bu iqlim o‘zgarishi bo‘ldi. Darhaqiqat, sayyoramizni kelajak avlodlar uchun asrab-avaylash bilan birga, mazkur o‘tish jarayonini tezlashtiradigan va barqaror rivojlanishni ta’minlaydigan mexanizmlarni yaratish parlament a’zolari oldidagi eng muhim vazifadir.

Shu bilan bir qatorda, bugungi kunda fuqarolarning to‘liq ijtimoiy himoyasi va kambag‘allikka qarshi kurash asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda. Global beqarorlik va iqtisodiy qiyinchiliklar sharoitida aholining barcha qatlamlarini ijtimoiy kafolatlar va qo‘llab-quvvatlash bugun har qachongidan ham muhim.

Inson huquqlari va demokratik qadriyatlarni mustahkamlash ham hamma uchun birdek muhim jihat hisoblanishiga e’tibor qaratildi. Haqiqatan, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash hali ham dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.

Muhimi, shu kabi dolzarb masalalar tilga olinishi bilan bir qatorda, ularning samarali yechimlari – hamkorlik, o‘zaro muloqot, tajriba almashish, diplomatiyani kuchaytirish kabi demokratik yechimlar ko‘rsatib berildi.

O‘zbekiston forum tashkilotchisi sifatida ushbu muammolarni hal etishda yetakchilikni o‘z zimmasiga olishga va barqaror rivojlanish va barcha xalqlar uchun adolatni ta’minlash maqsadlariga erishish yo‘lida xalqaro hamjamiyat bilan faol hamkorlikni davom ettirishga tayyorligi bildirildi. Zero, bu sa’y-harakatlar insoniyat uchun yanada adolatli, xavfsiz va barqaror kelajakni yaratishning yagona yo‘lidir.

E’tiborlisi, yirik xalqaro tadbirda ishtirok etayotgan parlamentariylar, xalqaro tashkilotlar vakillari davlatimiz rahbarining g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi.

Norgul Abduraimova,

O‘zA