Pobalan Govender: O‘zbekiston tashabbusi bilan kun tartibiga qo‘yilgan har bir masalaning ahamiyati global xarakter kasb etmoqda

209

Toshkent shahrida Parlamentlararo Ittifoqning 150 – yubiley assambleyasi davom etmoqda. E’tirof etish kerakki, parlamentlar bilan bog‘liq bunday keng ko‘lamli xalqaro tadbir nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo tarixida ilk marotaba mintaqamizda o‘tkazilmoqda.

Nufuzli anjumanda ishtirok etayotgan Janubiy Afrika Respublikasi (JAR) Provinsiallar Milliy kengashi (yuqori palatasi) raisining o‘rinbosari Pobalan Govenderdan intervyu oldik: 

– O‘zbekistonga ilk bor kelishim. To‘g‘risi, bu mamlakat haqida tasavvurlarim butunlay boshqacha edi. Aeroportdan poytaxtingizga qo‘nar ekanmiz, Toshkentni katta bunyodkorlik maydoniga o‘xshatdim. Go‘zal, orasta shahar ekan. Menga Markaziy Osiyoning poytaxtidek tasavvur uyg‘otdi. Xalqning yuzidagi ko‘tarinki kayfiyat odamni behad xursand qiladi. Bu juda muhim.

Parlamentlararo Ittifoqning yubiley assambleyasi uchun aynan O‘zbekistonning tanlangani nihoyatda asosli, to‘g‘ri tanlov ekaniga aminmiz. O‘zbekiston qisqa muddatda demokratik islohotlarni jadallik bilan amalga oshirgan mamlakatlardan biri sifatida dunyoga namoyon bo‘layotir. Kambag‘allikni qisqartirish bobidagi natijalar alohida ta’kidlashga loyiq. Yurtingizning demografik dinamikasini tahlil qilib, davlatingiz rahbarining o‘z mamlakatini kelajakka yorug‘ yuz bilan olib o‘tish borasidagi sa’y-harakatlarini faqat qo‘llab-quvvatlash lozim, deb o‘ylayman.

Parlamentlararo Ittifoqning yuzlab vakillari Prezident Mirziyoyevning nutqini katta qiziqish bilan tingladik. Umuman, O‘zbekiston tashabbusi bilan kun tartibiga qo‘yilgan har bir masalaning ahamiyati global xarakter kasb etayotganidan xursandmiz. Yurtboshingiz o‘z so‘zida kelajak haqida ko‘proq to‘xtaldi. Darhaqiqat, aholining 60 foizidan ko‘proq qismi yoshlarni tashkil qilayotgan mamlakatning rahbari uchun chindan ham bundanda muhimroq masalaning o‘zi yo‘q.

Anjuman o‘ta yuqori darajada tashkil etilgan. Unda qizg‘in muhokamalar, fikr almashuvlar, yangi g‘oya va takliflarni tinglayapmiz. Muhimi, ularning barchasi bitta maqsadga qaratilgan – kurrai zaminimizni yanada demokratik, istiqboli baland bo‘lishi, bugungi dolzarb muammolarni hamjihatlikda bartaraf etishga qaratilgani bilan ahamiyatli.

Norgul Abduraimova,

O‘zA