Nursultan Baytilesov: 150-assambleya O‘zbekiston va mintaqaning xalqaro obro‘-e’tibori oshganining ramzidir
Toshkentda Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasi davom etmoqda. O‘zA muxbiri Assambleyada ishtirok etayotgan Qozog‘iston Respublikasi parlamenti deputati Nursultan Baytilesovdan intervyu oldi:
– O‘zbekistonda, Markaziy Osiyoda Parlamentlararo ittifoq asambleyasining o‘tkazilishi mazkur mamlakat uchun ham, butun mintaqa uchun ham nihoyatda muhim voqea hisoblanadi.
Bu O‘zbekiston va mintaqaning xalqaro obro‘-e’tibori oshgani ramzidir. Assambleya, mintaqaviy va xalqaro miqyosda tinchlik, barqaror rivojlanish va inson huquqlari masalalarini hal etishda umumiy yondashuvlar ishlab chiqish va tajriba almashish uchun noyob platformani taqdim etdi.
Bu, Markaziy Osiyo mamlakatlarini xalqaro parlamentlararo jamoada faol ishtirokchi va global maqsadlarni ilgari surishda muhim hamkor sifatida tan olishdir.
Assambleyadan biz, ayniqsa, mojaro oqibatlarini bartaraf etish kontekstida, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlarning rolini kuchaytirishga qaratilgan amaliy qadamlarni kutmoqdamiz.
Shuningdek, ishtirokchi mamlakatlarning parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish va ekologiya, raqamlashtirish va ijtimoiy siyosat kabi asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha parlamentlararo hamkorlik formati yanada kengayishiga umid qilamiz.
Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlik yuqori darajada va ijobiy dinamikaga ega. Biz qonunchilikni uyg‘unlashtirish, inson huquqlarini himoya qilish, raqamlashtirish va intellektual mulk masalalarida faol muloqot qilmoqdamiz.
Shuningdek, chegaradosh hamkorlik, yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va gumanitar aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bizda qo‘mitalar va parlament guruhlari o‘rtasida mustahkam muloqot o‘rnatilgan bo‘lib, bu o‘zaro ishonchni mustahkamlashga, mamlakatlarimiz fuqarolari manfaatlari yo‘lidagi harakatlar muvofiqligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Norgul Abduraimova,
O‘zA