Sambo: Toshkent Osiyo-Okeaniya chempionatiga mezbonlik qiladi

114

Shu kunlarda mamlakatimiz poytaxti Toshkent yana bir yirik sport tadbirini o‘tkazishga hozirlik ko‘rmoqda.

Joriy yilning 14-20 aprel kunlari poytaxtimizda sambo bo‘yicha o‘tkaziladigan Osiyo-Okeaniya chempionati tufayli Toshkent nafaqat qit’amiz, balki Okeaniya mamlakatlari sambochilarining e’tibor markazidagi maskanga aylanadi.

Kuni kecha O‘zbekiston sambo assotsiatsiyasi mutasaddilari Osiyo-Okeaniya chempionati oldidan tegishli mutaxassislar, murabbiylar, hakamlar, tashkiliy qo‘mita a’zolari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi.

Unda bir qator muhim masalalar ko‘rib chiqildi. Chempionatni har jihatdan yuqori darajada tashkil etish, xorijiy davlat delegatsiyalarini kutib olish, joylashtirish, mashg‘ulot va musobaqa o‘tadigan majmualarni hozirlash, O‘zbekiston terma jamoasi a’zolarining tayyorgarligi kabi bir qator masalalar muhokama qilindi. Aniq vazifalar yuklandi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, ayni kunlarda Chirchiq Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida Osiyo-Okeaniya chempionati oldidan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida qatnashayotgan milliy terma jamoa a’zolariga zarur shart-sharoitlar yaratilgan.

Mashg‘ulotlar davomida xalqaro toifadagi hakamlar Islom Odilov va Murodxon To‘rayev qit’a chempionatiga tayyorgarlik ko‘rayotgan sportchilarimiz uchun sambodagi yangi qoidalar, o‘zgarishlar, antidoping talablari haqida tushunchalar berilganligi aytib o‘tildi.

Yig‘ilish yakunida ishtirokchilarga chempionat ramzi namoyish etildi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA