Senat Raisi Assambleya doirasida qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi

186

Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasi doirasida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.

Jumladan, Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya kengashi hamda MDH PA kengashi Raisi V.Matviyenko bilan uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish va parlamentlararo aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

V.Matviyenko ikki mamlakat parlamentlarining o‘zaro hamkorligi muhimligini ta’kidlab, ikki tomonlama va ko‘p tomonlama shakllarda faol hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.

***

Turkiya Respublikasi Buyuk Millat Majlisi Raisi Numan Kurtulmush bilan uchrashuv davomida Oliy Majlis Senati hamda Turkiya parlamenti o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish istiqbollariga oid masalalar muhokama qilindi.

Xususan, ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan vazifalar bajarilishida parlament diplomatiyasi imkoniyatlarini kengaytirish zarurligi aytildi.

Tomonlar parlamentlararo hamkorlikni faollashtirish, turli tashriflar va anjumanlar o‘tkazish orqali ikki mamlakat yuqori palatalar hamkorligini rivojlantirishga kelishib oldi.

***

Belarus Respublikasi Milliy Majlisi Respublika kengashi Raisi Natalya Kochanova bilan bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va innovatsion sohalardagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Ikki mamlakat rahbarlari darajasida erishilgan kelishuvlarni amaliyotga tatbiq etishda parlamentlarning rolini oshirish zarurligi ta’kidlandi.

***

 Turkmaniston Mejlisining Raisi Dunyagozel Gulmanova bilan ham uchrashuv chog‘ida ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi aloqalarni tizimli asosda rivojlantirish, tajriba almashish va parlamentlararo hamkorlikni institutsional darajaga ko‘tarish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

***

Hindiston Respublikasi parlamentining quyi palatasi – Lok Sabha Spikeri Om Birla bilan uchrashuv ham yuqori darajada bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston tomonidan «O‘zbekiston-Hindiston» parlamentlararo do‘stlik guruhi tashkil etish taklif qilindi. Parlament sohasida kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha Hindiston parlamenti huzuridagi Institut bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirildi.

Uchrashuvlar tomonlarning ko‘p qirrali hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Delegatsiya a’zolari tomonlar o‘rtasida ochiq va samarali muloqot muhiti yaratilgani, kelgusida amalga oshiriladigan loyihalarning amaliy ahamiyati ta’kidlandi.

N.Abduraimova,

N.Haydarov (surat),

O‘zA