Dubayda O‘zbekiston turizmi salohiyati targ‘ib etildi

Dubay shahridagi “Xiva” restoranida O‘zbekiston turizmi salohiyatini keng targ‘ib qilishga qaratilgan taqdimot o‘tkazildi. “Uzbekistan Airways” AJning BAAdagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda 80 ga yaqin mahalliy sayyohlik operatori va agenti ishtirok etib, mamlakatimizning turizm salohiyati, jumladan sayyohlik dasturlari, ommaviy tadbirlar, bonusli tariflar va chegirmalar tizimi haqida batafsil ma’lumot berildi.
O‘zbekistondan borgan tadbirkorlar 2025 yil uchun maxsus dasturlarini taqdim etdi. Toshkent shahri, Samarqand, Buxoro, Xorazm va Toshkent viloyatlaridagi mehmonxona majmualari vakillari o‘z hududlaridagi tashrif maskanlari, sayyohlarga ko‘rsatiladigan xizmat turlari, yaratilgan sharoitlar haqida gapirib berishdi.
BAAdagi mahalliy sayyohlik agentlari esa taqdim etilgan narx, chegirma va imtiyozlar bo‘yicha savollariga javob olib, diyorimizga sayyohlik paketlarini sotishga oid ma’lumotlarini yangilab olishdi. Tadbir so‘ngida taqdim etilgan axborotlar asosida sayyohlik guruhlarini shakllantirish hamda yurtimiz salohiyatini kengroq targ‘ib qilish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishildi.
M.Pirmatova, O‘zA