Qarzdorlik undirildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligiga “Nukus elektromontaj” mas’uliyati cheklangan jamiyat direktori S.Nuratdinov Chimboy tumani yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi tomonidan shartnomaga asosan yuzaga kelgan 217 million so‘mdan ziyod qarzdorlikni to‘lab berilmayotganligini bildirib, ushbu qarzdorlikni undirib berishda amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan.
– Murojaat o‘rganib chiqilganida taraflar o‘rtasida 2021 yil 5 mayda 20-sonli pudrat shartnomasi tuzilganligi aniqlandi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi Huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish va metodik ta’minlash sho‘’basi katta maslahatchisi Taxir Maxamatdinov. – Shuningdek, 2024 yil 12 yanvar kungi qo‘shimcha kelishuv shartnomasiga asosan, “Nukus elektromontaj” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan “Nukus-sh.-Chimboy-sh.- Taxtako‘pir” avtomobil yo‘li 58-63 km” (tungi yoritish chiroqlarini) elektromontaj yoritish ishlari olib borilgan. Shartnoma bo‘yicha qilingan ishlar hajmi 2024 yil 30 avgust holatiga 243 million 431 ming 447 so‘mni tashkil etib, tomonlar o‘rtasida hisob-fakturalari tasdiqlangan. Lekin, Chimboy tumani yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi tomonidan 217 million 36 ming 707 so‘m mablag‘ to‘lab berilmagan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan “Nukus elektromontaj” mas’uliyati cheklangan jamiyat direktori S.Nuratdinovning manfaatini ko‘zlab Chimboy tumani yo‘llardan foydalanish davlat muassasasidan yuzaga kelgan qarzdorlikni undirish bo‘yicha Chimboy tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo ariza kiritildi. Natijada sudning hal qiluv qarori bilan tadbirkorning qarzdorligi to‘liq undirib beriladigan bo‘ldi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.