Qoraqalpog‘iston Respublikasi xabarlari – qisqa satrlarda

134

Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori E.Tadjiyev rahbarligida Prezidentimizning 2025 yil 3 yanvardagi “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan tasdiqlangan “Yo‘l xarita”larida belgilangan vazifalar ijrosi bo‘yicha tezkor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda mas’ul tashkilotlar vakillari ishtirok etib, hisobot ko‘rsatkichlarini “EDO.IJRO.UZ” elektron tizimiga kiritish hamda ijtimoiy profilaktika tadbirlarining ijrosi muhokama qilindi. Ishlar samaradorligi yuzasidan amalga oshiriladigan vazifalar belgilab olindi.

***

Qonliko‘l tumani “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 120 o‘ringa mo‘ljallangan 19-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Mazkur inshoot Nukus shahridagi “Baxit qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyat quruvchilari tomonidan barpo etildi. Shu kunga qadar tumanda 15 ta davlat, 5 ta xususiy sheriklik asosidagi, 14 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti bo‘lib, jami bog‘chalar soni 34 taga yetdi. Tumandagi 3-7 yosh oralig‘idagi 4 ming 85 nafar boladan jami 3 ming 513 nafari maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olindi. Tuman bo‘yicha bolalarni qamrab olish ko‘rsatkichi bugungi kunda  90,6 foizga yetdi.

***

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sport vazirligi tomonidan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filialida ikki karra Osiyo chempioni Jalg‘asbay Berdimuratov bilan talabalarning uchrashuvi tashkil etildi.

Unda Jalg‘asbay Berdimuratov filial talabalariga o‘zining ishtirok etgan musobaqalari, tayyorgarligi, har kuni qiladigan mashg‘ulotlari haqida so‘zlab berdi. Xalqaro arenalarda yurtimiz bayrog‘ini ko‘klarda hilpiratib, madhiyamizni yangratishning zavqi naqadar faxrli ekanligini qayd etdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.