Futbol murabbiylari uchun seminar o‘tkazildi

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining bir guruh mutasaddi va mutaxassislari Andijon viloyatida bo‘ldi. Tashrif davomida Andijon futbol akademiyasi, viloyatdagi futbol maktablari infratuzilmasi, yosh futbolchilarga yaratilgan shart-sharoitlar, o‘qitish jarayonlari o‘rganildi.
Mehmonlar dastlab Andijon shahridagi Universal sport majmuasiga tashrif buyurib, majmuada sportchilarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
– Keyingi yillarda mamlakatimizda futbolni rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi O‘FA yoshlar futbolini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Bahrom Umarov. – Bu albatta, o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda. Xususan, nafaqat milliy, balki turli yoshdagi terma jamoalarimiz, ayniqsa, yoshlar jamoalarining xalqaro maydonlardagi yutuqlari salmoqli bo‘lmoqda. Qolaversa, mamlakatimizning barcha hududlarida futbol infratuzilmasi yanada yuqori bosqichga ko‘tarildi.
Tashrif doirasida mutasaddi va mutaxassislar ishtirokida futbol murabbiylari uchun seminar tashkil etildi. Seminarda trenerlar faoliyatini samarali yuritilishini ta’minlash, ular o‘rtasida professional raqobat muhitini yaratish, futbol akademiyasi va maktablarida o‘qitish tizimini yaxshilash, o‘qitish jarayoniga ilg‘or uslub va tajribalarni joriy etish, iqtidorli va mahoratli yosh futbolchilarni tarbiyalash masalalari atroflicha muhokama etildi.
Mutaxassislar, ishtirokchilar tomonidan mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish va samaradorligini oshirish yuzasidan taklif, tavsiya, fikr va mulohazalar bildirildi.
Murabbiylarning bilim, malaka va tajribalarini boyitishga xizmat qilgan seminar davomida ular o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutasaddi va mutaxassislardan batafsil javob oldi.
F.Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari










