Mintaqaviy Osiyo chempionatida 8 nafar shaxmatchimiz yetakchilar qatorida
Qozog‘istonning Olmaota shahrida erkaklar va ayollar o‘rtasida FIDEning 34-mintaqaviy Osiyo chempionati bahslari davom etmoqda.
Ortda qolgan 2-tur o‘yinlaridan so‘ng erkaklar o‘rtasidagi musobaqalarda 13 nafar ishtirokchi 2 ochko bilan yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, 17 nafar shaxmatchi 1,5 ochko bilan peshqadamlikka da’vogarlarni taqib etmoqda.

Aytish lozim, erkaklar musobaqasida qatnashayotgan 87 nafar shaxmatchi orasida O‘zbekiston terma jamoasining 14 nafar a’zosidan 5 nafari – Muhiddin Madaminov, Muhammadzohid Suyarov, Humoyun Bekmuratov, Almas Rahmatullayev va Asrorjon Omonov hisobida 2 ochko mavjud.

Ayollar musobaqasida qatnashayotgan 44 nafar ishtirokchining 9 nafari 2 ochko bilan peshqadamlik qilayotgan vaziyatda hamyurtlarimiz Afro‘za Hamdamova, Umida Omonova va Nodira Nodirjonova ham yuz foizlik imkoniyat bilan g‘oliblik yo‘lidagi kurashni davom ettirmoqda.
Bugun, 4 aprel kuni mukofot jamg‘armasi 20 ming AQSH dollaridan iborat turnirning 3-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Afg‘oniston shaxmatchilari qatnashayotgan chempionat jahon kubogiga saralash vazifasini o‘taydi. Unda eng yaxshi natijaga erishgan 7 nafar ishtirokchi jahon kubogida qatnashish huquqini qo‘lga kiritadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA