Tramp tariflari qaysi davlatlarga daxl qiladi?

104

Tramp dunyoning barcha davlatlaridan AQSHga kirib keladigan tovarlarga alohida tarif joriy etilishini e’lon qildi. Tegishli ro‘yxatdan Janubiy Kavkaz, Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq mintaqalaridagi davlatlar ham chetda qolmadi.

O‘zbekiston, Ozarbayjon, Ukraina, Gruziya, Armaniston, Turkiya,Turkmaniston, Eron, Buyuk Britaniya, BAA, Misr, Saudiya Arabistoni, Qatar va Yamanga eng kam – 10 foizlik tarif belgilandi. Isroil – 17, Qozog‘iston – 27, Xitoy – 34, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va Iordaniya – 20, Tayvan – 32, Suriya – 41, Iroq – 39 foiz boj bilan “jazolanadi”.

AQSH Moliya vazirligi Rossiyani bu qatorga qo‘shmagan, chunki sanksiya tufayli bu ikki davlat o‘rtasidagi savdo allaqachon to‘xtagan.

Mazkur yangi qoida jahon bozoriga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Dunyo birjalarida savdo ochilgach, Amerika, Yevropa va Osiyo qimmatli qog‘ozlari narxi keskin pasaya boshladi. CNN telekanali aniqlik kiritishicha, “Apple”, “Nike”va “Ralph Lauren” kompaniyalari aksiyasi yetkazib berish zanjiriga tahdid tufayli jiddiy zarar ko‘rgan.

“The Guardian” nashri ma’lumotiga ko‘ra, “Apple” hamda “Nvidia” 470 milliard dollar yo‘qotgan, AQSH valyutasi qiymati 2,2 foiz tushgan. “Nasdaq” kompaniyasi birja savdosi ham 4,5 foiz pastlagan. Shuningdek, “S&P 500” 3,4, “Dow” 2,7 foiz arzonlashdi.

Tramp qarori “mazasi”ni Yevropa kompaniyalari ham seza boshladi: STOXX-600 indeksi 2,57, DAX 3 foiz yo‘qotdi. Osiyoda esa Yaponiyadagi “Nikkei” qiymatining 2,77, Gonkongning “Hang Seng” indeksi 1,52 foizidan ajraldi.

S.Rahimov, O‘zA