Ruminiyalik dzyudo mutaxassisi O‘zbekistonda ish boshladi

108

Dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasiga ruminiyalik Aurelian-Chiprian Flis bosh murabbiy etib tayinlandi.

O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi xabariga ko‘ra, Surxondaryo viloyatining Denov tumanida o‘tkazilayotgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini davomida o‘smirlar terma jamoasi a’zolari bilan uchrashuvda ruminiyalik mutaxassis yangi bosh murabbiy sifatida tanishtirildi.

44 yoshni qarshi olayotgan Flis murabbiylik faoliyati davomida Ruminiya, Ozarbayjon va Malta davlatlarida faoliyat yuritgan. Dunyoga mashhur “Kodokan Institute Japan” a’zosi, qora belbog‘ 5-DAN sohibi hisoblanadi.

Uning murabbiyligida maltalik Katrina Esposito -48 kilogramm vaznda “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan.

Aurelian-Chiprian Flis o‘smirlar terma jamoasidagi faoliyati bilan parallel ravishda qizlar jamoasi mashg‘ulotlarini tashkil etishda koordinator sifatida ham ish olib borishi nazarda tutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Denovda davom etayotgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inidan so‘ng o‘smir dzyudochilarimiz joriy yilning 12-13-aprel kunlari Gruziya poytaxti Tbilisi shahrida o‘tadigan “European Cup-2025” turnirida vatanimiz sharafini himoya qiladi.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA