Jahon kubogi: hozircha 4 nafar bokschimiz finalga yo‘l oldi

Braziliyada boks bo‘yicha “World Boxing” tashkiloti tomonidan o‘tkazilayotgan jahon kubogida yarim final bellashuvlari o‘tkazilmoqda. Quvonarlisi, ushbu bosqichning dastlabkisida 5 nafar charm qo‘lqop ustamiz ringga ko‘tarildi.

Vazni -90 kg. bo‘lgan bokschilar o‘rtasida kechgan yarim final bahsida To‘rabek Habibullayev 5:0 hisobida hindistonlik Vishalni mag‘lubiyatga uchratgan bo‘lsa, -50 kg. vazn toifasida mamlakatimiz sharafini himoya qilayotgan Asilbek Jalilov boshqa bir hindistonlik bokschi Jadumani Mandengbamni 3:2 hisobida yengdi.

Shuningdek, Fazliddin Erkinboyev -75 kg. vaznda polshalik Mixal Yarlinskini 4:1, Jahongir Zokirov +90 kg. vazn toifasida qozog‘istonlik Daniyal Saparbayni 5:0 hisobida taslim qilgan holda so‘nggi hal qiluvchi final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Afsuski, vazni -60 kg bo‘lgan Madiyar Daniyarov mezbon Luiz Oliveyraga qarshi bahsda mag‘lubiyatga uchradi va bronza medali bilan taqdirlandi.
Musobaqada yarim final bellashuvlari davom etmoqda. Bugun ushbu bosqichda 3 nafar bokschimiz ringga ko‘tariladi.
-55 kg: Mirazizbek Mirzaxalilov – Jose Felipe (Gvatemala) 03:15;
-80 kg: Javohir Ummataliyev – Dias Moljigitov (Qozog‘iston) 04:00
-85 kg: Akmaljon Isroilov – Yakub Strashevski (Polsha) 04:45
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA