Parlamentlararo do‘stlik guruhlari faoliyati rivojlantiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Eron Islom Respublikasi Islomiy Kengash Majlisi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhining Eron Islom Respublikasi Islomiy Kengash Majlisi vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda keyingi yillarda O‘zbekiston — Eron munosabatlari yangi sur’at bilan rivojlanib borayotgani, ayniqsa, davlat rahbarlarining samimiy va do‘stona munosabati va sa’y-harakatlari tufayli ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlik aloqalari yangi bosqichga chiqqani alohida qayd etildi.

Ikki tomonlama aloqalarda parlamentlararo munosabatlar ham muhim o‘rin tutishi e’tirof etildi. Parlamentlararo hamkorlikni, jumladan, parlamentlararo do‘stlik guruhlari faoliyatini yanada jonlantirish, o‘zaro tashriflar almashinuvini davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.

— Eron bilan O‘zbekiston o‘rtasida ko‘p asrlik tarixiy aloqalarimiz mavjud, —deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisi, guruh hamraisi Ravshan Mamutov. — Xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy madaniy-tarixiy aloqalar esa O‘zbekiston — Eron munosabatlarini rivojlantirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Eron munosabati barcha soha va yo‘nalishlarda rivojlanib boryapti. Xususan, ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasida yaqin hamkorlik olib borilayotgani natijasida parlamentlararo munosabatlar ancha faollashdi.
Ishonamizki, mazkur uchrashuv parlamentlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, amaliy aloqalar samaradorligini yanada oshirish hamda qonun ijodkorligi sohasida o‘zaro tajriba almashish, bu boradagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tgan muzokaralar yakunida tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi munosabat va amaliy hamkorlikni har tomonlama mustahkamlashda parlamentlar imkoniyatlaridan keng foydalanishga kelishib oldilar.
M.Komilova,
O‘zA