Qonunchilikda sun’iy intellektni qo‘llash mumkinmi?

161

XXI asr – butun dunyoda jamiyat va davlat hayotini raqamlashtirish asri bo‘ldi. Ayniqsa, butun dunyoni larzaga solgan “Covid-19” pandemiyasi barchamizga ushbu pandemiya bilan kurashish bilan birga, foydalanishimiz mumkin bo‘lgan barcha sohalarni tezkorlik bilan raqamlashtirishni talab etdi.

BMTning 2018 yilgi Yangi texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha Strategiyasida raqamli texnologiyalar ijtimoiy, madaniy va siyosiy hayotning barcha sohalari ajralmas qismiga aylanayotgani hamda yangi texnologiyalarni qo‘llashda umume’tirof etilgan xalqaro hujjatlar bilan birga asosiy qadriyatlar hisoblangan “tenglik”, “adolat” tamoyillariga asoslanish lozimligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Ta’kidlash lozimki, zamonaviy texnologik taraqqiyot tendensiyasi butun dunyo bo‘ylab insoniyat uchun yangi imkoniyatlar bilan birga o‘ziga xos muammolarni yaratmoqda.

Norma ijodkorligi faoliyatiga zamonaviy texnologiyalarning keng joriy etilishi orqali “qog‘ozbozlik”, “byurokratiya” va korrupsiyaning oldi olinmoqda. Ya’ni, “hujjatlar harakatlanishi” prinsipiga rioya etgan holda, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va idoralararo kelishish masalalari “inson omili”siz faqatgina axborot texnologiyalaridan foydalangan holda amalga oshirilmoqda.

Qonunchilikni ishlab chiqishda “ochiqlik” va “shaffoflik” prinsiplari ta’minlanib, aholining qabul qilinayotgan qonunchilikdan xabardorligi tizimi yaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 avgustdagi “Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, norma ijodkorligi jarayoni bosqichlarini elektron shaklga o‘tkazishni nazarda tutuvchi elektron norma ijodkorligi tizimini rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.

Shuningdek, 2021 yil 17 fevralda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ma’lumotlarni qayta ishlashda davlat organlarining samaradorligini oshirish uchun sun’iy intellekt texnologiyalaridan keng foydalanish belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining 2024- yil 15 fevraldagi Qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan “Qonun ijodkorligi faoliyati bo‘yicha Dastur”da qonun loyihalarini tayyorlash jarayoniga oid muayyan texnik bosqichlarni soddalashtirishda, shu jumladan, qonunchilik texnikasi talablariga moslashtirish elektron dastur imkoniyatlaridan foydalanishni yo‘lga qo‘yish mazkur dasturning asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Texnologiyalar orqali davlat organlarining norma ijodkorligi faoliyati monitoring qilinib, sohada “qonuniylik” prinsipi ta’minlanmoqda. Ya’ni, norma ijodkorligi sub’ektlari tomonidan qonunchilikka rioya yetgan holda normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, qabul qilish masalalarini to‘liq nazorat qilish imkoniyati yaratiladi.

Ta’kidlash lozimki, norma ijodkorligi faoliyatini raqamlashtirish bir nechta zamonaviy tendensiyalarni vujudga keltirmoqda. Xususan, “raqamli qonun”, “norma ijodkorligida sun’iy intellekt”, “raqamli ekspertiza”, “qonunchilik texnikasi dasturlari” kabi yo‘nalishlar normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish faoliyatini yanada zamonaviy qiyofaga ega bo‘layotganidan darak bermoqda.

Bugungi kunda insoniyat faoliyatining qisqarishiga sabab bo‘layotgan zamonaviy texnologiyalardan biri bo‘lgan “sun’iy intellekt” jamiyatning barcha sohalariga yashin tezligida kirib kelmoqda.

Sun’iy intellekt – bu o‘z muhitini sezish va maqsadlariga muvaffaqiyatli erishish imkoniyatlarini maksimal darajada oshirish uchun choralar ko‘rish, ma’lumotlarni o‘rganish va rivojlanish jarayonida moslashadigan tarzda sharhlash va tahlil qilish qobiliyatiga ega tizim bo‘lib, uning haqiqiy qiymati faqat amaldagi ma’lumotlarni taqdim etganda amalga oshirilishi mumkin.

Davlatlarning sun’iy intellekt tizimlaridan bir tomonlama foydalanishi, albatta, yaqin o‘n yilliklarda diplomatiya va xalqaro muzokaralar tabiatini o‘zgartirishda muhim rol o‘ynaydi. Masalan, 2018 yilda Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi strategik qarorlarni qabul qilishni qo‘llab-quvvatlash tizimi sifatida sun’iy intellekt tizimidan foydalanishni boshladi, bu o‘z diplomatlariga xavflarni baholash dasturi xil imkoniyatlar va yordam taqdim etdi.

Davlat idoralarida ish yuklamasining tobora oshib borishi o‘z navbatida norma ijodkorligi sub’ektlari tomonidan qonunchilik hujjatlarini ham ishlab chiqish faoliyatida ham “sun’iy intellekt”dan foydalanishga zaruriyat tug‘dirmoqda.

Asosiy masala, “sun’iy intellekt”ni norma ijodkorligining aynan qaysi bosqichida foydalanishdadir?

Norma ijodkorligi faoliyati normativ-huquqiy hujjatlarning loyihasini ishlab chiqish, jamoatchilik muhokamasi, idoralararo kelishuv, ekspertizadan o‘tkazish va loyihani qabul qilish bosqichlarini qamrab oladi.

Bizningcha, qonunchilikning muhim bosqichi hisoblangan normativ-huquqiy hujjat loyihalarini ishlab chiqish va ularni ekspertizadan o‘tkazish bosqichlarida “sun’iy intellekt”dan foydalanib bo‘lmaydi.

Ya’ni, normalar ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi va huquqiy oqibatlarni keltirib chiqaruvchi vositalar hisoblanganligi sababli, bunday tusdagi muhim hujjatni texnologiyaga ishonib bo‘lmaydi.

Bizningcha, “sun’iy intellekt”dan normativ-huquqiy hujjat loyihalarini tayyorlash jarayonini soddalashtirishda qo‘llash mumkin. Masalan, qonunchilik bilan ishlash muddatlarni belgilash va rioya etilishini nazorat qilishda, normativ-huquqiy hujjatlarda imloviy va texnik xatolarni topishda, tarjima qilingan loyiha matnlari o‘rtasida tafovutlarni aniqlashda, loyiha matnlarini qonunchilik texnikasi talablariga muvofiqlashtirishda “sun’iy intellekt”dan foydalanish maqsadga muvofiq.

Qayd etilganlardan kelib chiqib, sun’iy intellektni norma ijodkorligi faoliyatining quyidagi bosqichlarida qo‘llash maqsadga muvofiq:

– norma ijodkorligi faoliyatiga oid texnik tartib-taomillar, ya’ni normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarni texnik jihatdan rasmiylashtirish va qonunchilik texnikasiga muvofiqlashtirish, rasmiy e’lon qilishning muayyan bosqichlarida sun’iy intellektdan unumli foydalanish;

– norma ijodkorligi faoliyatini monitoring qilish, ya’ni normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishning belgilangan talablariga rioya etilishini nazorat qilishda;

– normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik muhokamasida bildirilgan fikr-mulohazalarni umumlashtirish va loyiha ishlab chiquvchiga taqdim etish;

– normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari matnlarida imloviy va texnik xatolarni topib, to‘g‘rilashda;

– normativ-huquqiy hujjatlar loyihasi matnlarini tarjima qilish va tarjima qilingan matnlar o‘rtasida tafovutlarni aniqlashda.

Azizjon Xo‘janazarov,

Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti.