Aholi tomorqasi va ijara asosida ajratilgan yer maydonlaridan samarali foydalanishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Aholi tomorqalari va dehqon xo‘jaliklari yer maydonlaridan samarali foydalanishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq:
Aholi tomorqasi va ijara asosida ajratilgan yer maydonlaridan samarali foydalanishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
Aholi tomorqasi va ijara asosida ajratilgan yer maydonlaridan samarali foydalanishni tashkil etishni muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika shtabi tarkibi va hududiy shtablarning namunaviy tarkibi tasdiqlandi.
Qarorga ko‘ra, aholi tomorqalarining yer maydonlarini xatlovdan o‘tkazish va ularda yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining hisobini yuritish “Online mahalla” elektron platformasida dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqasidagi mavjud yer maydonlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining axborot tizimlaridagi ma’lumotlar asosida onlayn rejimda shakllantiradi. 2025 yil 1 iyunga qadar aholi tomorqalarining yer maydonlari to‘liq xatlovdan o‘tkazilishini yakunlanib, ularning alohida hisobi yuritilishi yo‘lga qo‘yiladi.
Ikki oy muddatda aholi tomorqasi va ijara asosida ajratilgan yer maydonlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining hisobini yuritish uchun “Online mahalla” platformasida ma’lumotlar bazasi yaratiladi hamda mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholining bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimining yordamchilari tomonidan tizimli ravishda ma’lumotlar yangilanib, monitoring qilib boriladi.
Mahallalarning muayyan turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga ixtisoslashuvini chuqurlashtirish yo‘nalishida dastlabki bosqichda 100 ta namunali mahalla, kelgusida ularning sonini 500 taga yetkazish bo‘yicha reja-grafik tasdiqlandi.
Namunali mahallalar joylashadigan tuman (shahar)lardagi aholi tomorqalari va ijaraga berilgan yer maydonlarining 75 foizi bosqichma-bosqich bir xil turdagi yuqori daromadli mahsulotlar yetishtirish uchun qamrab olinadi.
2025 yil 20 aprelga qadar aholi tomorqasi va ijara asosida ajratilgan yer maydonlarida yetakchi tadbirkorlar yordamida yuqori daromadli, sifatli urug‘ va ko‘chatlarni tizimli yetkazib berish, ekish va har bir tomorqadan samarali foydalanish tashkil etiladi.
2025 yil 1 mayga qadar xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining grantlar va kreditlari hisobidan mahallalarda amalga oshiriladigan “yashil” va resurs tejamkor loyihalarning manzilli ro‘yxati shakllantiriladi.
Suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan 874 ta mahallada sug‘orish tarmoqlarini yaxshilash orqali aholi tomorqalarida ixtisoslashuv asosida mahsulot yetishtirish tashkil etiladi. “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida yengil konstruksiyali issiqxona, intensiv bog‘, tokzor, anorzor, gulchilik va ko‘chatchilik plantatsiyalarini yaratish hamda rezavor meva yetishtirish bo‘yicha namunaviy loyihalar doirasida yuqori daromadli va eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, shuningdek, har bir gektar yer maydonidan kamida 100 mln so‘m daromad olish, aholiga bosqichma-bosqich ijaraga berilgan jami 150 ming gektar yer maydonlarida bir xil turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi.
O‘zA