Buyuk Britaniya, Fransiya va Ukraina harbiy vakillari uchrashadi

126

Buyuk Britaniya, Fransiya va Ukraina davlatlari mudofaa tizimi rahbariyati yaqin kunlarda o‘zaro kelishuvni muhokama qilish uchun yig‘ilish o‘tkazadi, deb xabar tarqatdi “Dauning-strit” dushanba kuni Bosh vazir Kir Starmer va Prezident Vladimir Zelenskiyning navbatdagi suhbatidan so‘ng.

Prezident Emmanuel Makron 27 mart kuni bo‘lib o‘tgan “xohlovchilar koalitsiyasi” Parij sammiti yakuni bo‘yicha uyushmaning bir necha vakili Ukrainaga “tiyib turuvchi kuchlar” yuborishi rejalashtirilayotganini aytgandi. Fransiya yetakchisi ta’kidlashicha, mazkur Franko-Britaniya tashabbusi Ukraina qo‘shini o‘rnini bosmaydi, tinchlikparvar tuzilma ham hisoblanmaydi. Qarordan ko‘zlangan maqsad Rossiyani tiyish. Yordamchi kuch Ukrainaning avvaldan belgilangan strategik hududlariga joylashtiriladi.

Makron tashabbusga hamma rozi emasligini ham tan olgan.

– Yaqin kunlarda uch davlat harbiy rahbarlarining uchrashuvi batafsil rejalashtirishning navbatdagi bosqichiga o‘tadi, – deyilgan Britaniya hukumati veb-saytida e’lon qilingan bayonotda.

O‘z navbatida Zelenskiy idorasi sayti o‘z askarlarini berishga tayyor mamlakatlar bosh shtab vakillari uchrashuvi hafta oxirida Ukrainada o‘tishi haqida yozdi.

S.Rahimov, O‘zA