Boks: Jahon kubogida vakillarimiz muvaffaqiyat qozonmoqda
126
Braziliyada boks bo‘yicha “World Boxing” tashkiloti tomonidan o‘tkazilayotgan jahon kubogining ikkinchi kungi bellashuvlari ham o‘z nihoyasiga yetdi. Quvonarlisi, ushbu kunda ringga ko‘tarilgan uch nafar bokschimiz ilk janglarini g‘alaba bilan yakunladi.
Dastlab, vazni -60 kg. bo‘lgan Madiyar Daniyarov italiyalik Mishel Baldassini 4:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan bo‘lsa, -50 kg. vaznda Asilbek Jalilov qozog‘istonlik Nurzat Ongarovga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Shuningdek, Akmaljon Isroilov -85 kg. vazn toifasidagi bellashuvlarda shveysariyalik Leonid Berishani mag‘lubiyatga uchratdi.

Bugun jahon kubogining uchinchi kungi bellashuvlari doirasida vazni -55 kg. bo‘lgan Mirazizbek Mirzaxalilov o‘zining ikkinchi jangini polshalik Nikolas Pavlikka qarshi o‘tkazsa, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev vazni 65 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar ishtirokidagi ilk bellashuvda braziliyalik Yuri Reis bilan raqobatlashadi. Ushbu har ikki jang chorak final bosqichidan o‘rin olgan.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA