“Tesla” elektromobillari nega yonib ketmoqda?

So‘nggi paytlarda amerikalik milliarder Ilon Maskning elektromobillar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Tesla” brendli mashinalari bilan bog‘liq qiziq voqealar kuzatilmoqda. Xorijning turli nashrlarida “Tesla” avtomobillari yonib ketgani yoki qasddan yoqib yuborilgani qabilidagi xabarlar tarqalmoqda. Italiyaning “Adnkronos” axborot agentligi ma’lum qilishicha, kecha tunda Rim shahri chekkasida joylashgan avtosalonda sodir bo‘lgan yirik yong‘in 17 ta “Tesla” avtomobilini yo‘q qilgan.
“Corriere della Sera” gazetasining yozishicha, yong‘inda to‘qqizta avtomobil butunlay yonib ketgan, yana 15 ta mashina jiddiy zarar ko‘rgan. Ayni paytda voqea joyida o‘t o‘chiruvchilardan tashqari huquq-tartibot idoralari xodimlari ham ishlamoqda.

Tergov har qanday ehtimolni, jumladan, qasddan o‘t qo‘yishni ham inkor etmaydi. Tekshiruv davomida mutaxassislar videokuzatuv kameralaridagi yozuvlarni o‘rganishlari va avtosalon egalari bilan suhbat o‘tkazishlari kerak bo‘ladi.
O‘tgan haftada xuddi shunday voqea Fransiyada sodir bo‘ldi. “FrancePress” agentligi politsiyadagi manbaga tayanib yozishicha, noma’lum shaxslar mamlakat janubi-sharqidagi supermarketlardan birining avtoturargohidagi 12 ta “Tesla” quvvatlantirish shoxobchalariga o‘t qo‘ygan.
Politsiya surishtiruv ishlarini boshlagan, biroq hozircha hibsga olinganlar yo‘q, deyiladi xabarda.

Avvalroq AQSH huquq-tartibot idoralari “Tesla” dilerlik markazlari, avtomobillari va quvvatlash stansiyalariga hujum qilingan 48 ta holat haqida ma’lumot olgani ma’lum bo‘lgan edi.
Joriy yilning 29 mart kuni ham Germaniya shimolida yettita “Tesla” avtomobili yonib ketdi. Voqea o‘lka shimolidagi Ottersberg shahrida kompaniya saloni yaqinida sodir bo‘lgan.
Yanvar oyida esa Las-Vegasdagi “Trump Towers” yonida “Tesla Cybertruck” alanga ichida qoldi. Amerikalik tadbirkor ushbu voqea haqida gapirar ekan, kompaniya rahbariyati voqeani tekshirayotganini ma’lum qildi.

– Biror ma’lumot topsak, matbuotda e’lon qilamiz. Biz hech qachon bunaqasini ko‘rmaganmiz, – deb yozdi Mask o‘shanda ijtimoiy tarmoq orqali.
Ayrim manbalar qayd etishicha, hujumlar “Tesla” egasi Ilon Maskning AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati tashkil etgan Samarali davlat boshqaruvi departamenti (DOGE) ga rahbarligi bilan bog‘liq faoliyati natijasi ekani haqida yozishmoqda.
Donald Tramp “Tesla” avtomashinasiga hujum uyushtirganlar terrorchilar ekanligini aytgan, ammo ushbu hujumlar ortida uning siyosiy raqiblari turganini ham inkor etmagan.
S.Rahimov, O‘zA