Myanma va Tailandda zilzila qurbonlari soni 150 dan oshdi

Myanma va Tailandda kuchli zilzila natijasida binolar vayron bo‘ldi, infratuzilmaga jiddiy zarar yetdi, 150 dan ortiq odam halok bo‘ldi.
Myanmaning davlatga qarashli MRTV telekanali juma kuni kamida 144 kishi halok bo‘lgani, 732 kishi jabrlanganini ma’lum qildi. Tailand poytaxti Bangkokda kamida to‘qqiz kishi halok bo‘ldi, deya xabar berdi mahalliy hukumat.

Myanmaning qadimiy poytaxti Mandalay yaqinida soat 12:50 da 7,7 magnitudali ofat qayd etilgan. AQSH Geologiya xizmati (USGS) ma’lumotiga ko‘ra, dastlabki silkinishdan keyin, bir necha daqiqa o‘tib 6,4 magnitudali zilzila sodir bo‘lgan. Hozirgi poytaxt Neypidoda olingan suratlarda hukumat xodimlari yashagan ko‘plab uylar vayron bo‘lgani, qutqaruvchilar vayrona ostidan odamlarni olib chiqayotgani aks etgan.
Myanma harbiy rahbari qurbonlar soni ortishi kutilayotganini tan oldi.
Tailand poytaxtidagi Chatuchak bozori yaqinida qurilayotgan 33 qavatli bino qulab tushib, atrofni chang buluti qoplagan. Ijtimoiy tarmoqda tarqagan video lavhada olomon qichqirig‘i eshitiladi, yugurayotgan kishilarni ko‘rish mumkin.
Bangkok gubernatori o‘rinbosari Tavid Kamolvejga iqtibos keltirgan holda, “Reuters” axborot agentligi bino qulashi oqibatida kamida sakkiz kishi halok bo‘lganini yozdi. Mudofaa vaziri Pumtam Vechayachay aytishicha, kamida 90 kishi bedarak yo‘qolgan.
Myanma harbiy hukumati olti viloyat va shtat, jumladan Neypido va Mandalayda favqulodda holat e’lon qildi.
Tailand Bosh vaziri Petongtarn Chinavat ham mamlakatda shunday vaziyat joriy etdi. Ayni payt meriya Bangkokni tabiiy ofat zonasi sifatida baholagan. Shahar temir yo‘l tizimi vaqtincha faoliyatini to‘xtatdi. Harakat va xizmat ko‘rsatish shanba kuni tiklanishi kutilyapti.
Yer osti silkinishi Xitoyning Yunnan va Sichuan provinsiyalarida ham sezilgan.Tabiiy ofat Myanma shimoli bilan chegaradosh Juyli shahridagi uylarga shikast yetkazgan, deb yozgan Xitoy OAV.
M.Pirmatova, O‘zA