Nukusda Xalqlar do‘stligi bayrami o‘tkazildi

178

Nukus shahridagi “Do‘stlik” kanali bo‘yidagi maydonda Xalqlar do‘stligi bayrami o‘tkazildi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni yurtimizda yanada keng tarzda davom etayotgan “Navro‘z” ayyomi, muborak Ramazon hayiti hamda ahillik, do‘stlik bayrami bilan samimiy muborakbod etdi.

Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan bugun mamlakatimiz bo‘ylab millatlararo munosabatlar va diniy bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash borasida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Madaniy va ma’naviy qadriyatlar, an’ana va urf-odatlar birlashtirgan qo‘shni mamlakatlarning xalqlarini birodarlikning o‘ziga xos rishtalari bog‘lab turadi.

Bugungi kunda xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari, samarali, o‘zaro manfaatli hamkorlik mintaqada tinchlik, barqarorlik, xavfsizlik va izchil taraqqiyotni ta’minlashda muhim omil bo‘lib kelmoqda. Uzoq yillar yonma-yon yashagan, quda-anda bo‘lib ketgan xalqlar o‘rtasidagi aloqalar deyarli to‘xtab qolgan, chegaralar berkilgan vaqtlar ham bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan qo‘shni davlatlar bilan chegaralar ochilganda qancha odamlar quvonchi ichiga sig‘may yig‘lagan, davlatimiz rahbarini alqab duo qilgandi.

Tojikistonning Xo‘jand shahrida Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston prezidentlari ishtirokida tarixda ilk bor bo‘lib o‘tayotgan uch tomonlama sammit mamlakatlarimiz o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi. Bu quvonchli xabarni uch mamlakat xalqlari katta xursandchilik bilan kutib olmoqda.

Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1,5 mingga ortiq qirg‘iz va 400 ga yaqin tojik millatiga mansub aholi istiqomat qiladi. Ular boshqa millat va elatlarning vakillari singari, bir oiladek tinch-totuv istiqomat qilib kelmoqda. Shuningdek, Qoraqalpog‘istonda O‘zbekiston rus milliy madaniy markazining Qoraqalpog‘iston bo‘limi, “Slavutich” ukrain milliy madaniy markazining Qoraqalpog‘iston bo‘limi, Qoraqalpog‘iston Qozoq milliy-madaniy markazi va uning Qo‘ng‘irot tumani bo‘limi, Qoraqalpog‘iston Turkman milliy madaniy markazi va Qoraqalpog‘iston Koreyslar uyushmasi faoliyat yuritmoqda. Bugungi kunda, milliy-madaniy markazlar bilan hamkorlikda ta’lim, fan, madaniyat, sport va turizm sohalarida turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuv va ko‘rgazmalar tashkil etilmoqda.

Yasharish va yangilanish faslining shukuhi davom etayotgan ayni kunlarda barcha hududlarda, qo‘shni davlatlar bilan chegaradosh mahallalarda xalq sayllari bo‘lib o‘tmoqda. Turli millat va elatlarning vakillari bilan birgalikda o‘tkazilayotgan ushbu tadbirlar do‘stlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Do‘stlik bayrami doirasida turli millat vakillari ishtirokida “Do‘stlik bog‘i” barpo etilib, do‘stlik va hamjihatlikni tarannum etuvchi qo‘shiqlar ijro qilindi. Shuningdek, amaliy san’at va hunarmandchilik buyumlari, kitoblar ko‘rgazmalari tashkil etilib, milliy o‘yinlar va turli tanlovlar ishtirokchilar va mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA