Direktorning mehnat shartnomasi bekor qilindi

114

Ijtimoiy tarmoqlarda Nukus shahridagi 12-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktorining ish faoliyati haqida tanqidiy xabar tarqaldi.

Bu bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha vamaktab ta’limi vazirligi rasmiy munosabat bildirdi. Unda qayd etilishicha, mazkur holat vazirlik tomonidan nazoratga olinib,  o‘rganish ishlari amalga oshirildi.

O‘rganish jarayonida G.Ye. 2020 yil 12 noyabr kunidan boshlab Nukus shahri 12-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori lavozimida ishlab kelmoqda. 2024 yilda G.Ye.ning salbiy harakatlari uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan surishtiruv ishlari amalga oshirilib, sud jarayonlari olib borildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining 2025 yil 18 mart kungi xati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2025 yil 19 fevraldagi qarori va O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 168-moddasi 3-bandi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 18 mart kuni maxsus buyrug‘iga asosan Nukus shahri 12-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori G.Ye.ning mehnat shartnomasi bekor qilindi.

Nukus shahri Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limining taklifi bilan ushbu maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosariga maktab direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib yuklatilganligi ma’lum qilinadi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.