Chorvachilik: muammolar yechimi soha rivojiga xizmat qiladi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish: muammo va yechimlar” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar va talaba-yoshlar ishtirok etib, sohaning dolzarb masalalarini muhokama qildi. Tadbirda chorvachilik tarmoqlarini yanada rivojlantirishda ilmiy tadqiqot ishlarini joriy etish samaradorligi, yaylovlardan oqilona foydalanish va chorvachilikning ozuqa bazasini mustahkamlash, veterinariya tadqiqotlarining chorvachilik rivojlanishiga ta’siri kabi asosiy yo‘nalishlar muhokama qilindi.

– Tadbirda professor-o‘qituvchilar, olimlar va yosh tadqiqotchilar tomonidan taqdim etilgan ilmiy izlanishlar bilan tanishish imkoniyati yaratildi. Ayniqsa, yaylovlardan samarali foydalanish, chorvachilikda ozuqa bazasini mustahkamlash va veterinariya tadqiqotlarining chorvachilik rivojlanishiga ta’siri kabi dolzarb masalalar bo‘yicha ilgari surilgan ilmiy yechimlar nihoyatda qiziqarli va amaliy ahamiyatga ega bo‘ldi. Ushbu konferensiya nafaqat soha mutaxassislarini birlashtirish, balki yangi ilmiy hamkorlik va innovatsion yondashuvlarni joriy etish uchun ham muhim platforma bo‘lib xizmat qilmoqda. Ishonchim komilki, bu kabi ilmiy anjumanlar chorvachilik tarmog‘ining yanada rivojlanishiga, zamonaviy ilm-fan yutuqlarining amaliyotga joriy etilishiga va soha oldidagi dolzarb muammolarga samarali yechim topishga kata hissa qo‘shadi, –deydi Toshkent davlat agrar universiteti professori M.Do‘smuhamedova.


Tadbir doirasida ilg‘or tajribalar almashildi, innovatsion yondashuvlar taklif etildi va sohaning kelgusi rivoji uchun ilmiy asoslangan strategiyalar belgilandi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.