Yangi korxona ish boshladi

118

Qoraqalpog‘iston Respublikasining eng chekka Taxtako‘pir tumanidagi “KAUSAR TEGIRMON” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan “Mustaqillik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida sutni qayta ishlash orqali yangi mahsulotlar ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirildi.

Umumiy qiymati 700 million so‘mlik loyiha doirasida yangi ish o‘rinlari yaratilib, hudud aholisining bandligini ta’minlashga erishildi. Korxona yiliga 100 tonna sut mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, bugungi kunda qaymoq, qatiq, smetana, yogurt va tvorog kabi 5 turdagi mahsulot ishlab chiqarilmoqda.

Ta’kidlash joizki, mazkur mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan umumiy qiymati 95,6 milliard so‘mlik g‘alla klasterini zanjirli tizim asosida tashkil etish, ya’ni, un ishlab chiqarish, chorvachilikni rivojlantirish, junni va sutni qayta ishlash loyihalarini amalga oshirish hamda 115 ta yangi ish o‘rni yaratilishi reja qilingan.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.