Teatr zamon bilan hamqadam bo‘lmog‘i lozim
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqillikka erishgandan so‘ng barcha sohalardagi yuz berayotgan o‘zgarishlar respublika teatrlarida ham o‘zini namoyon etmoqda.
Mustaqillikning ilk yilida Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatriga buyuk so‘z zargari, mumtoz shoir Berdaq nomi berildi. San’atni, jumladan, teatrlar faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan Prezident farmonlari va hukumat qarorlarini, davlatimiz rahbarining 2017 yil 3 avgust kuni O‘zbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvda so‘zlagan nutqida ijodkor ziyolilarga, teatrlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklarni alohida ta’kidlash joiz.

– Buyuk Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Teatr – bu ibratxonadir” degan fikrini eslash o‘rinlidir, – deydi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatri adabiy bo‘limi mudiri Gavhar Rahmonova. – Bizning milliy san’atimiz tarixda juda katta yo‘lni bosib o‘tib, uning qadimiy ildizlari xalq o‘yin va tomoshalariga borib bog‘lanadi. Ta’kidlash joizki, bugungi kunga kelib, milliy teatr san’ati mamlakatimiz va jahon miqyosida shakllangan, davrlar sinovidan o‘tib kelayotgan an’ana va tajribalar asosida yangidan paydo bo‘ldi va kamol topdi. Jumladan, poytaxtda, viloyat teatrlarida qo‘yilayotgan jahon sahna san’atining mumtoz namunalari o‘z vaqtida nafaqat yurtimiz, balki xorijlik tomoshabinlarni ham hayratga solgani bu fikrni tasdiqlaydi. Shu bilan birga, teatr ijodkorlari tomonidan yaratilgan ko‘plab milliy ruhdagi sahna asarlari xorijda ham muvaffaqiyatli ijro etilmoqda.

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatri jamoasi ham ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklardan to‘g‘ri foydalanib, xalqimizning ko‘nglidan chiqadigan, bugungi kun talabiga javob beradigan spektakllarni sahnalashtirib kelmoqda. Teatr repertuaridan tarixiy janrlardagi, vatanparvarlik mavzusidagi, xalqlar do‘stligi, bir-biriga bo‘lgan mehr-muhabbat, insonni qadrlash g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan spektakllar o‘rin olgan. Teatr yangi davrda keng imkoniyatlarga ega bo‘lib, azaliy an’analarini davom ettirmoqda. Milliy dramaturglar asarlari bilan bir qatorda qardosh xalqlar tilidan tarjima qilingan asarlarni sahnalashtirmoqda. Milliy operaga ega bo‘lgan san’atimiz endi jahon klassik operalarini qoraqalpoq tomoshabinlariga taqdim etmoqda.
Teatr jamoasi tomonidan bugungi kunga qadar 8 ta opera, 4ta balet, 104 ta musiqali drama, 232 ta drama asari sahnalashtirildi. Ayni kunlarda Marqaboy Jiyemuratovning “Makarya suluv” hamda Qurbanboy Zaretdinovning “Nazlumxon suluv” baletlariga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Qoraqalpog‘istonda yagona simfonik orkestr o‘zining asosiy vazifasi – spektakllar ijro etish bilan birga, doimo xalqimiz orasida, ayniqsa, yoshlarimizni jahon klassik musiqasi orqali ma’naviy tarbiyalash maqsadida ma’ruzalar, tematik konsertlar, uchrashuvlar va boshqa targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib bormoqda. “Musiqa olamiga sayohat” nomli konsert dasturi bilan respublikaning barcha bolalar musiqa va san’at maktablarida, umumta’lim maktablarida yoshlarimiz uchun musiqa tinglash, cholg‘u asboblari va musiqa janrlari haqida tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Teatr har doim zamon bilan hamnafas qadam tashlab keladi. Odamlarning tashvishi, muammosi, unga qanday yechim topish kerak degan savollarga javobni sahnada ko‘rsatib kelyapti. Bugun jahon muammosiga aylangan odam savdosi, diniy ekstremizm, terrorizm illatlari va ularga qarshi kurash, ota-ona qadri, insonlarning ichki his-tuyg‘ulari kabi psixologizmga to‘la asarlari xalqimiz mehrini qozondi.
Teatr jamoasining yutuqlari hukumatimiz tomonidan yuksak baholanib kelinmoqda. Har yili ijodkor xodimlarning bir guruhi O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining davlat mukofotlariga sazovor bo‘lmoqda. Teatr jamoasi bundan buyon ham ezgu maqsad yo‘lidagi sa’y-harakatlari, izlanishlarini muvaffaqiyatli davom ettirib, xalqimizga yangidan-yangi chuqur mazmunli asarlar taqdim etishda fidoyilik bilan mehnat qilishda odimlayveradi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.