Kurash: Osiyo o‘yinlarini boshqaradigan hakamlar Toshkentda saralanadi

Ayni kunlarda dunyoning ko‘plab davlatlari qatori mamlakatimiz sportchilari, sport jamoalari 2026 yil Yaponiyada bo‘lib o‘tadigan yozgi Osiyo o‘yinlariga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Aytish lozim, “kichik olimpiada” o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan milliy sportimiz kurash musobaqalarini yuqori saviyada tashkil etish, uning texnik vakillari bilim darajasini boyitish bugungi kunning eng muhim masalalaridan biri sanaladi.
Shu maqsadda, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi Xalqaro kurash instituti, daxldor tashkilot va idoralar bilan hamkorlikda “ROAD TO ASIAN GAMES 2026” dasturini e’lon qildi.
Joriy yilning 7–13 may kunlari Toshkent shahrida o‘tkaziladigan xalqaro seminar va imtihonlar kurash bo‘yicha malakali hakamlar va texnik rasmiylarni saralab olishga qaratilgan.

Osiyo qit’asining turli davlatlaridan kurash mutaxassislari qatnashadigan mazkur seminar davomidagi amaliy va nazariy mashg‘ulotlar davomida 2026 yilgi Osiyo o‘yinlarida kurash bahslarini boshqaradigan eng tajribali hakamlar saralab olinadi.
Seminar ishtirokchilari saralashda ingliz tilini bilishi, kurash musobaqalarida hakamlik yoki sport tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha tajribaga egaligi muhim ahamiyat kasb etadi.

Seminar yakunida ishtirokchilar nazariy va amaliy imtihon topshiradi. Sinovdan muvaffaqiyatli o‘tganlar xalqaro sertifikatga ega bo‘lib, kelajakdagi yirik musobaqalarda rasmiy hakam sifatida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi. Bu nafaqat kurash sporti bo‘yicha professional o‘sish, balki xalqaro miqyosda o‘z o‘rnini topish uchun katta imkoniyat maydonidir.
Xalqaro kurash assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, seminarda ishtirok etish istagini bildirgan mutaxassislardan arizalar joriy yil 18 aprelga qadar qabul qilinadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA