Turkiya o‘zining sanoat tajribasini turkiy davlatlar bilan bo‘lishishga tayyor

207

Turkiya strategik hamkorlari bilan birgalikda Yevropa, Osiyo va Yaqin Sharq o‘rtasidagi rivojlanish va savdo aloqalariga hissa qo‘shadigan transport va logistika koridorlarini ishga tushirishni rejalashtirmoqda, deb yozdi “AZERTAJ” axborot agentligi. Bu Iroqning Basrasi orqali o‘tadigan koridorga, shuningdek, Kaspiy dengizi va Zangezor orqali o‘tadigan yo‘lga ham tegishli.

Maqolada ta’kidlanishicha, bu haqda Turkiya prezidentiRejep Tayyip Erdog‘an Anqarada mamlakatning 2030-yilgacha mo‘ljallangan sanoat va texnologik strategiyasi taqdimotida aytib o‘tgan.

Erdog‘an o‘z nutqida Turkiya o‘zining to‘plangan sanoat tajribasini turkiy davlatlar, Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlari bilan bo‘lishishga tayyor ekanini bildirgan.  Bu esa ushbu mamlakatlarning iqtisodiy va ilmiy tadqiqot salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Davlat yetakchisi Turkiyada raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish imkonini beruvchi sanoat ekotizimining shakllanishiga umid bildirgan.

– Maqsadimiz Turkiyada texnologik mustaqillikka erishishdir, -degan u. – Biz zamonaviy texnologiyalarni rivojlantirish, shuningdek, yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarish va eksportni kengaytirish tarafdorimiz.

Erdog‘an Turkiya o‘tgan 23 yil davomida mamlakatni xalqaro maydonda kuchlar muvozanatiga ta’sir etuvchi omillardan biriga aylantirib, jiddiy yutuqlarga erishganiga e’tibor qaratdi. Turkiya rahbari bu boradagi yutuqlar qatorida “KAAN” beshinchi avlod mahalliy harbiy samolyoti, “TOGG” elektromobili, shuningdek, butlovchi qismlarining 80 foizdan ortig‘i Turkiyada ishlab chiqilgan “TÜRKSAT 6A” telekommunikatsiya sun’iy yo‘ldoshi loyihasini sanab o‘tgan.

S.Rahimov, O‘zA