“Huquqiy maslahatlar kuni” aksiyasi o‘tkazildi (+video)
“Yuksalish” harakati, O‘zbekiston Notarial palatasi hamkorlikda besh yildan buyon respublika miqyosida “Huquqiy maslahatlar kuni” bepul aksiyasini o‘tkazib kelmoqda.
Ushbu aksiya doirasida notariuslar tomonidan aholiga bepul maslahatlar berilishi an’anaga aylangan. Bunday tadbir bu yil ham 26-27 mart kunlari respublikaning barcha shahar va tumanlaridagi notariuslarda o‘tkazilishi belgilangan.
Nukus shahridagi notariuslar binosida navbatdagi bepul huquqiy aksiyasi tashkil etildi. Tadbirni o‘tkazishdan maqsad fuqarolarning huquqiy bilimi, madaniyatini oshirish, aholi bilan o‘zaro muloqot mexanizmlarini yaratish, huquqni qo‘llash sohasida mavjud muammo va kamchiliklarni aniqlash hamda ularni bartaraf etishga qaratilgan fikr-mulohazalarni tayyorlashdan iboratdir.
Aksiya davomida notariuslar tomonidan fuqarolarga notarial hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha bepul huquqiy maslahatlar berildi. Xususan, notariuslar tomonidan amalga oshiriladigan notarial harakatlar, Notarial idoralarda notarial ish yuritish qoidalari hamda “E-notarius.uz” axborot portali haqida keng tushunchalar berildi.
Aksiya doirasida fuqarolarga oila huquqi, mulk va nomulkiy huquq va majburiyatlar haqida, shuningdek, meros, nikoh, hadya, ijara, mulk oldi-sotdi shartnomalari, meros vasiyatnomalari va boshqa turli muammoli masalalar bo‘yicha tushuntirishlar berilib, yuridik yordamlar ko‘rsatildi.
– Nukus shahridagi uyimni sotayotgan edim. Notariusga kelganimda qanday hujjatlar kerakligi, oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirish tartibi bo‘yicha tushunchalarga ega bo‘ldim. Tashrifimiz bepul aksiyaga to‘g‘ri kelganidan xursandman, – deydi fuqaro G.Shanazarova.
Tadbir davomida fuqarolar mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat, video), O‘zA