Startaplar va IT sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi

191

Gruziya iqtisodiyot va barqaror rivojlanish vazirining o‘rinbosari Irakliy Nadareishvili rahbarligidagi delegatsiya Raqamli texnologiyalar vazirligiga tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida Gruziya va O‘zbekiston o‘rtasida raqamli texnologiyalar, startaplar va  IT sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Dastlab,  IT Park faoliyati haqida taqdimot o‘tkazildi. Taqdimotda IT Parkning infratuzilmaviy imkoniyatlari, startaplarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, mahalliy va xalqaro IT kompaniyalari uchun yaratilgan qulayliklar, shuningdek, soliq imtiyozlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, IT xizmatlari eksportini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar ham muhokama qilindi.

Tashrif doirasida delegatsiya Yagona integrator – UZINFOCOMdagi sharoitlar va amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi. UZINFOCOM tomonidan mehmonlarga raqamli hukumat, davlat xizmatlarini raqamlashtirish va kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt yo‘nalishlaridagi innovatsion yechimlar bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.

Tashrif davomida Raqamli texnologiyalar vaziri birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov va Gruziya iqtisodiyot va barqaror rivojlanish vazirining o‘rinbosari Irakliy Nadareishvili o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda raqamli iqtisodiyot va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi. Xususan, startap ekotizimini rivojlantirish, uning xalqaro raqobatbardoshligini oshirish va hamkorlikdagi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv davomida venchur fondlar tashkil etish va ular orqali innovatsion startaplarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham fikrlar almashildi.

Tomonlar IT sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, startaplar uchun qulay muhit yaratish va venchur sarmoyalarni jalb qilish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqish takliflarini ilgari surdi.

N.Rahmonova, O‘zA