Fan olimpiadasining yakuniy bosqichi davom etmoqda (video)

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2025 yil 29 yanvardagi “2024 – 2025-o‘quv yilida umumiy o‘rta ta’lim maktablari, akademik litseylar va kasb-hunar maktablari o‘quvchilari o‘rtasida asosiy olimpiadaning IV respublika bosqichini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi buyrug‘i va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining 2025 yil 11 fevraldagi majlis protokoli asosida fizika, biologiya, kimyo fanlaridan olimpiadaning IV (respublika) bosqichi Nukus shahrida o‘tkazilmoqda.
Asosiy fan olimpiadasining O‘zbekiston Respublikasi bosqichini yuqori darajada o‘tkazish bo‘yicha puxta tayyorgarlik ishlari olib borildi. Mazkur fan olimpiadasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va 12 ta viloyatdan jami 127 nafar o‘quvchi, tabiiy fanlar yo‘nalishi bo‘yicha Al-Xorazmiy olimpiadasiga 84 nafar o‘quvchi, ularning xavfsizligini ta’minlash maqsadida 14 nafar mas’ul xodim, o‘quvchilarning bilimini baholash uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan 24 nafar hakam o‘qituvchilar ishtirok etmoqda.
Toshkent shahri va viloyatlardan kelgan o‘quvchilar va ularga biriktirilgan mas’ul xodimlarning olimpiada o‘tkaziladigan joyga kelib-ketishini, olimpiada ishtirokchilarining tarixiy joylarga sayohatini tashkil etish uchun barcha qulayliklarga ega avtobuslar ajratilib, respublika ta’lim markazining fan metodistlari biriktirildi.
Olimpiada jarayoni Nukus shahridagi 53-sonli umumta’lim maktabining sport zalida o‘tkazilgan bo‘lib, barcha ota-onalar va o‘qituvchilarning jarayonni ijtimoiy tarmoqlarda jonli kuzatib borish uchun Youtube kanalida to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn uzatib borilishi ta’minlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 9 sentyabrdagi “Iqtidorli o‘quvchilar o‘rtasida fan olimpiadalarini o‘tkazish tizimini takomillashtirish hamda xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktabni aniqlash tizimini joriy etish to‘g‘risida” qarori asosida asosiy fan olimpiadasining to‘rtinchi bosqichida 1-o‘rinni egallagan o‘quvchiga – bazaviy hisoblash miqdorining 12 baravari, ya’ni 4 million 500 ming so‘m, 2-o‘rinni egallagan o‘quvchiga – bazaviy hisoblash miqdorining 8 baravari, ya’ni 3 million so‘m, 3-o‘rinni egallagan o‘quvchiga – bazaviy hisoblash miqdorining 6 baravari, ya’ni 2 million 250 ming so‘m miqdorida pul mukofoti berilishi belgilangan.
Asosiy fan olimpiadasining yakuniy bosqichi yuqori saviyada davom etmoqda.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat+video), O‘zA