Orolbo‘yida yengil atletikaga e’tibor

Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasida boshqarma rahbariyati va O‘zbekiston Respublikasi Yengil atletika federatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi mas’ullari ishtirokida hududda yengil atletika sport turlarini ommalashtirish bo‘yicha bo‘lib o‘tgan uchrashuvda bir qator vazifalar belgilab olindi.
Ushbu vazifalar ijrosi yuzasidan bo‘lim joylashgan xonada Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi tomonidan ta’mirlash ishlari olib borilib, kompyuter texnikalari va barcha zarur mebel jihozlari bilan ta’minlandi.
Ta’kidlash joiz, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sport vazirligi tasarrufidagi 17 ta sport maktabida yengil atletika bo‘yicha to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularda 32 nafar malakali murabbiy 1 ming 161 nafar yengil atletika bilan shug‘ullanuvchi yoshga mashg‘ulot o‘tkaziladi.
Munosib mehnat sharoitlarida xizmat qilish murabbiy va sportchilarga yanada g‘ayrat bag‘ishlab, yuqori marralar sari chorlashi shubhasiz.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.