Yevropa qo‘shnichilik kengashi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi

161

Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo tahlil markazlari forumi doirasida Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori Javlon Vahobov va Yevropa qo‘shnichilik kengashi (ENC) direktori Samuel Doveri Vesterbay o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad ikki tadqiqot muassasasi hamkorligini mustahkamlash, YeI va Markaziy Osiyo munosabatlarining muhim jihatlarini muhokama qilish hamda ekspert muloqoti yangi shakllarini izlashdan iborat.

Muhokama davomida janob Vesterbay mazkur forum fikr almashish, bilim va ilg‘or tahliliy tadqiqotlar bilan bo‘lishish uchun doimiy platforma sifatida muhimligini ta’kidladi. Tahlil markazlari o‘rtasidagi institutsional aloqani mustahkamlash mintaqaviy jarayonlar haqida aniqroq tushunchaga ega bo‘lishga ko‘maklashishi, dolzarb masalalar bo‘yicha qo‘shma tavsiyalar ishlab chiqish imkonini berishini qayd etdi.

Tomonlar tahliliy muloqot ko‘lamini kengaytirish, izlanishlarni muvofiqlashtirib borish, sheriklikning yangi mexanizmlarini joriy etish zarurligiga alohida e’tibor qaratdilar. O‘zaro tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, forum, seminar, davra suhbatlari tashkil etishga kelishildi. Tadbirlar mintaqalararo hamkorlik, barqaror rivojlanish, iqtisodiy integratsiya, xavfsizlik kabi ustuvor yo‘nalishlarga qaratiladi.

Uchrashuv yakunida MOXI va ENC o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Ushbu hujjat uzoq muddatli va ekspertlar o‘rtasidagi aloqani mustahkamlash uchun mustahkam asos yaratadi. Ushbu memorandum amaliy tashabbuslarni faol ilgari surish, YeI – MO muloqotini qo‘llab-quvvatlashga o‘zaro intilishni aks ettiradi.

Har ikki tomon ekspertlar darajasidagi sheriklikni davom ettirish, mintaqalararo aloqalarni chuqurlashtirishga xizmat qiladigan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga tayyorliklarini bildirdilar. Memorandum doirasida rejalashtirilgan tadbirlar hamkorlik doirasini kengaytirish, strategik masalalarni hal etishda ekspertlar ishtirokini kengaytirishga xizmat qiladi.

G‘.Xonnazarov, O‘zA