Belbog‘li kurash bo‘yicha mamlakat chempionatidan fotoreportaj

151

Chirchiq olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida o‘smirlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tmoqda.

Mazkur chempionat Chirchiq shahrining  90 yilligiga bag‘ishlangan bo‘lib, uning doirasida shahar hokimi kubogi uchun ham bellashuvlar o‘tkazildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan jam bo‘lgan 400 nafardan ortiq yosh polvon belbog‘li kurashning erkin va klassik yo‘nalishlarida chempionlik uchun kuch sinashmoqda.

Kecha chempionatning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Chirchiq shahar hokimi Murodjon Abdurahimov, Parkent tumani hokimi, Toshkent viloyati belbog‘li kurash federatsiyasi raisi Sardor Isaqulov, Osiyo belbog‘li kurash konfederatsiyasi prezidenti Mo‘min Muratov hamda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori Rashid Matkarimov so‘zga chiqib, mamlakatimizda sportga ko‘rsatilayotgan e’tibor, jahon arenalarida sportchilarimiz erishayotgan yutuqlar haqida gapirdi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi raisi Ravshan Dastirov bir guruh faxriy mehmonlarga esdalik sovg‘alarini topshirdi.

Marosim so‘nggida badiiy jamoalar tomonidan namoyish etilgan raqs va kuy-qo‘shiqlar tadbir ishtirokchilariga zavq-shavq ulashdi.

Shu kunning o‘zida, Chirchiq shahar hokimi kubogi uchun bellashuvlarida g‘olib aniqlandi. Unga ko‘ra, 50 kg. vazn toifasida mezbon sportchi Otabek Shavkatov barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, Chirchiq shahar hokimi kubogini qo‘lga kiritdi.

Turli vazn toifalarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan bir guruh sportchilarni taqdirlash marosimi ham o‘tkazildi.

Musobaqa davom etmoqda.

Muhammad AMIN(surat),O‘zA